Magistraturada pedagogik faoliyatga jalb etiladigan o‘qituvchilarga
qo‘yiladigan umumiy malaka talablari
Magistraturada pedagogik faoliyatga jalb etiladigan o‘qituvchi ta’lim
jarayoni doirasida:
- hamma turdagi o‘quv
mashg‘ulotlarini yuqori darajada o‘tadi;
- o‘quv, ilmiy va
o‘quv-metodik ishlarni rejalashtiradi, tashkil etadi va nazorat qiladi;
- ilmiy-tadqiqot ishlariga
va magistratura talabalarining magistrlik dissertatsiyalarini tayyorlash
jarayoniga rahbarlik qiladi;
- kafedra ixtisosligi
bo‘yicha ilmiy, ilmiy-tadqiqot seminarlarini tashkil etadi va ularda
ishtirok etadi;
- talabalar ilmiy seminarlarini boshqaradi;
- kafedra pedagoglari tomonidan barcha turdagi
o‘quv mashg‘ulotlari sifatli o‘tkazilishi ustidan nazorat qiladi;
- magistraturaning tegishli
mutaxassisligi bo‘yicha namunaviy va ishchi o‘quv rejalari va dasturlarini
ishlab chiqadi;
- kafedra ilmiy
tadqiqotlari yo‘nalishlari doirasida tashkil etiladigan yig‘ilishlar va
konferentsiyalarda, shu jumladan xalqaro konferentsiyalarda ishtirok
etadi;
- magistratura talabalarining
mustaqil ishlarini tashkil etadi va rejalashtiradi;
- magistratura talabalari
uchun darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalarni ishlab chiqish va nashrga
tayyorlashda ishtirok etadi;
- magistratura talabasining
kalendar ish rejasi bajarilishini nazorat qiladi.
Magistraturada pedagogik faoliyatga jalb etiladigan o‘qituvchilarga
quyidagi malaka talablari qo‘yiladi:
- fanni yuqori darajada
bilish hamda uning nazariy asoslarini va muhim yutuqlarga erishish mumkin
bo‘lgan yo‘llarni ko‘ra bilish uquviga ega bo‘lish;
- ilmiy muammolarni ishlab
chiqa olish, tadqiqotlar o‘tkaza olish va ularning natijalari bo‘yicha
chop etilgan ilmiy ishlarga ega bo‘lish;
- magistratura
talabalarining individual xususiyatlari, shaxsiy sifatlari va
dissertatsiyalari maqsadlarini hisobga olgan holda pedagogik faoliyat
yo‘nalishlarini belgilash qobiliyatiga ega bo‘lish;
- magistratura
talabalarining bilim va malakalarni egallab olishga imkoniyat beradigan
innovatsion pedagogik texnologiyalarni qo‘llashga tayyor bo‘lish;
- pedagogik holatlar
tahlili asosida pedagogik vazifalarni shakllantirish va ularni hal
etishning maqbul yechimlarini topish uquvi;
- magistratura
talabalarining kasbiy qobiliyatlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan
innovatsion kurslar ishlab chiqish bo‘yicha amaliy tajribaga ega bo‘lish;
- ma’lumotlarni
tizimlashtirish va izlash orqali o‘z bilimini takomillashtirish uchun
doimiy o‘rganish, ma’lumotlarni elektron qayta ishlashda
axborot-kommunikatsiya va multimediya texnologiyalaridan foydalanish
mahoratiga ega bo‘lish.
Magistraturada
pedagogik faoliyat yuritishga ilmiy unvon (ilmiy daraja)ga va kamida 3 yillik
uzluksiz ilmiy-pedagogik (ilmiy) ish stajiga ega bo‘lgan, shuningdek xorijiy
mamlakatlarning falsafa doktori (Ph.D) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy
darajali shaxslar jalb qilinadi.
Mavzuni tanlash va ilmiy rahbarni tayinlash
Magistrlik
dissertatsiyasi o‘qish va o‘quv dasturlarini o‘zlashtirish jarayonida
magistratura talabasi egallagan nazariy va amaliy bilimlari asosida bajarilgan
ilmiy-tadqiqot ishlarining natijasi hisoblanadi.
Magistrlik
dissertatsiyalarining mavzulari oliy ta’lim muassasalari kafedralarida
kafedralarning professor-o‘qituvchilari tarkibi, O‘zbekiston Respublikasi
Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari, tarmoq ilmiy-tadqiqot va loyihalash muassasalari
xodimlari tomonidan shakllantiriladi.
Magistrlik
dissertatsiyalarining mavzulari, qoidaga ko‘ra, dolzarb ilmiy-tadqiqot
masalalariga yoki aniq amaliy vazifalarni hal etishga bag‘ishlanadi.
Magistrlik
dissertatsiyasiga ilmiy rahbarlik oliy ta’lim muassasalarida ishlaydigan
professorlar, fan doktorlari, dotsentlar, fan nomzodlari, O‘zbekiston
Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari olimlari, tashkilotlarning
yuqori malakali va tajribali mutaxassislari, shuningdek belgilangan tartibda magistrlik,
ilmiy darajalar yoki ilmiy unvonlarga ega bo‘lgan xorijiy mutaxassislar
tomonidan amalga oshiriladi.
Magistratura
talabasi o‘qiyotgan oliy ta’lim muassasasida ishlamaydigan xodimlardan unga
ilmiy rahbar tayinlangan taqdirda, talabaga qo‘shimcha ravishda tegishli
kafedra professor-o‘qituvchilari tarkibidan ilmiy maslahatchi tayinlanadi.
Belgilangan
talablarga muvofiq magistrlik dissertatsiyasini bajarish doirasida ilmiy rahbar
bilan bir xil mas’uliyat ilmiy maslahatchiga ham yuklatiladi.
Magistratura
talabasi o‘qiyotgan oliy ta’lim muassasasi xodimlari tarkibidan bo‘lgan ilmiy
rahbar va ilmiy maslahatchining magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash
bo‘yicha talabalar bilan ishlashi ularning oliy ta’lim muassasasida o‘quv yili
shaxsiy ish rejasi bilan belgilanadigan o‘quv yuklamasiga kiritiladi.
Magistratura
talabasi o‘qiyotgan oliy ta’lim muassasasida ishlamaydigan xodimlardan bo‘lgan
ilmiy rahbar mehnatiga haq to‘lash belgilangan tartibda mehnatga soatbay haq
to‘lash shartlari bo‘yicha bir o‘quv yiliga bir magistratura talabasi uchun 50
soatdan oshmagan hajmda, tegishli oliy ta’lim muassasasi xarajatlar smetasida
bu maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.
Professor
yoki fan doktori beshtagacha, shuningdek dotsent, fan nomzodi va mutaxassis
uchtacha magistrlik dissertatsiyasiga rahbarlikni amalga oshirishi mumkin.
Kafedralar
tomonidan taqdim etilgan va oliy ta’lim muassasasi yoki fakultet o‘quv-metodik
kengashida muhokama qilingan magistratura talabalarining magistrlik dissertatsiyalari
mavzulari va ularning ilmiy rahbarlari (ilmiy maslahatchilari) ilmiy ishlar
bo‘yicha prorektor (direktor o‘rinbosari) taqdimnomasiga asosan magistratura
talabalari o‘qiyotgan birinchi o‘quv yilining birinchi ikki oyi ichida tegishli
oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)ning buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
Ilmiy rahbarning majburiyatlariga quyidagilar kiradi:
- tadqiqot mavzusi
doirasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalar bo‘yicha tizimli
ravishda yordam berish maqsadida maslahatlar jadvalini tuzish;
- tadqiqot usullarini
tanlashda ishtirok etish va ularni tadqiqot ishida qo‘llashda magistratura
talabasiga ko‘maklashish;
- magistratura talabasining
belgilangan kalendar ish rejasi bo‘yicha ishlarning bajarilishini va
magistrlik dissertatsiyasi o‘z vaqtida tayyorlanishini nazorat qilish;
- dastlabki himoyagacha
magistrlik dissertatsiyasiga xulosa berish.
Magistrlik dissertatsiyasining tuzilishi va uning mazmuniga qo‘yiladigan
talablar
Magistrlik dissertatsiyasi quyidagi tarkibiy qismlardan iborat bo‘lishi
kerak:
- titul varaq;
- ikki tilda (o‘qitish tili
va ingliz tilida) magistrlik dissertatsiyasining qisqacha annotatsiyasi;
- mundarija;
- kirish;
- asosiy qism;
- xulosa;
- adabiyotlar ro‘yxati;
- ilovalar (mavjud bo‘lsa).
Kirish quyidagilarni qisqacha o‘z ichiga olishi lozim:
- magistrlik
dissertatsiyasi mavzusining asoslanishi va uning dolzarbligi;
- tadqiqot ob’ekti va predmeti;
- tadqiqot maqsadi va vazifalari;
- ilmiy yangiligi;
- tadqiqotning asosiy
masalalari va farazlari;
- tadqiqot mavzusi bo‘yicha
adabiyotlar sharhi (tahlili);
- tadqiqotda qo‘llanilgan
metodikaning tavsifi;
- tadqiqot natijalarining
nazariy va amaliy ahamiyati;
- ish tuzilmasining tavsifi.
Magistrlik dissertatsiyasining asosiy qismi kamida uch
bobdan iborat bo‘lib, boblar hajm jihatidan o‘zaro mutanosib bo‘lishi va
quyidagilarni o‘z ichiga olishi lozim:
- tadqiqot mavzusiga taalluqli boshqa manbalarda
keltirilgan nazariy, amaliy va empirik tadqiqotlar natijalarining tanqidiy
tahlili;
- tadqiqot metodikasi va
ishning amaliy qismi bayoni;
- tadqiqot olib borilgan
masalani hal etishda magistratura talabasining shaxsiy hissasi
ko‘rsatilgan holda tadqiqotning asosiy natijalari bayoni.
Magistrlik
dissertatsiyasining xulosa qismida barcha boblarda qayd etilgan natijalarning
ilmiy va amaliy ahamiyati, shuningdek ilmiy tadqiqot muammosini hal etish
bo‘yicha xulosalar yoritiladi. Xulosa qismi 4 sahifadan oshmasligi kerak.
Magistrlik
dissertatsiyasiga uning mazmunini bayon etish uchun bevosita zarur bo‘lgan
qo‘shimcha ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan materiallar ilova qilinishi mumkin.
Ilova qismining hajmi magistrlik dissertatsiyasi umumiy hajmining uchdan bir
qismidan oshmasligi lozim.
Magistrlik
dissertatsiyasi ustida ishlayotgan magistratura talabasi kasb odob-axloqi
qoidalariga rioya etishi (plagiat, ma’lumotlarni soxtalashtirish, shuningdek
yolg‘on tsitatalar keltirishga yo‘l qo‘ymaslik) lozim.
Dissertatsiya matni standart varaqda yozilgan bo‘lib, unda quyidagi
qoidalarga rioya etilgan bo‘lishi lozim:
- qatorlar oralig‘i — 1,5 sm;
- yuqori va pastki hoshiya
2 sm, satr boshi: chap tomondan 3 sm, o‘ng tomondan 2 sm;
- xatboshilar orasidagi
oraliq — 5 yoki 6 belgili.
- Magistrlik
dissertatsiyasi matnini Misrosoft Word matnli redaktorida Times New Roman
shriftida yozish tavsiya etiladi.
Magistrlik
dissertatsiyasining hajmi titul varaq, mundarija, adabiyotlar ro‘yxati va
ilovalardan tashqari 70 — 80 sahifa bo‘lishi tavsiya etiladi.
Magistrlik
dissertatsiyasi magistratura talabasi o‘qigan tilda (kafedra yoki magistratura
bo‘limi tavsiyasiga muvofiq chet tilda) tayyorlanadi. Chet tilda tayyorlangan
magistrlik dissertatsiyasiga davlat tilida yozilgan annotatsiya ilova etiladi.
Bunday magistrlik dissertatsiyalarining dastlabki va rasmiy himoyalari tarjima
bilan o‘tkaziladi.
Magistratura
mutaxassisligi xususiyati hisobga olingan holda magistrlik dissertatsiyasi
tarkibiy qismlarining mazmuni va hajmi fakultet O‘quv-metodik kengashining
qarori bilan o‘zgartirilishi va ko‘paytirilishi mumkin.
Dastlabki va rasmiy himoyani o‘tkazish tartibi
Magistrlik
dissertatsiyasining dastlabki himoyasi ilmiy rahbar (ilmiy maslahatchi)
ishtirokida kafedra tomonidan tuzilgan komissiyada tashkil etiladi.
Dastlabki
himoyaga boshqa kafedralardan, shuningdek boshqa tashkilotlardan mutaxassislar
taklif etilishi mumkin.
Ilmiy
maslahatchi tayinlangan holda dastlabki himoyaga qadar undan magistrlik
dissertatsiyasiga xulosa olish ham talab etiladi.
Dastlabki
himoyaga qadar magistratura talabasi ichki va tashqi hamda ilmiy rahbar
taqrizlariga, shuningdek dissertatsiya mavzusiga doir kamida 2 ta ilmiy maqola
yoki tezisga ega bo‘lishi kerak.
Dastlabki
himoya yakunlari kafedralar yig‘ilishi bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
Ichki va
tashqi taqrizchilarni oliy ta’lim muassasasining tegishli kafedrasi tavsiya
etadi va ularning ro‘yxati ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor (direktor
o‘rinbosari) tomonidan tasdiqlanadi.
Taqrizchi vazifalariga quyidagilar kiradi:
- magistrlik
dissertatsiyasining dolzarbligi, ilmiy yangiligi va tugallanganligi
to‘g‘risida xulosa taqdim etish;
- dastlabki himoyadan
kamida 3 kun oldin taqriz taqdim etish;
- kasb odob-axloqi
qoidalarining buzilishi holatlari (plagiat, ma’lumotlarni soxtalashtirish,
yolg‘on tsitata keltirish va boshqalar) aniqlangan taqdirda, ularni
taqrizda ko‘rsatish.
Magistrlik
dissertatsiyasi belgilangan talablarga mos kelmagan holatlarda, magistratura
talabasi tomonidan kasb odob-axloqi qoidalari (plagiat, ma’lumotlarni
soxtalashtirish, yolg‘on tsitata keltirish va boshqalar) buzilganligi
aniqlangan taqdirda, shuningdek ushbu holatlarni qisqa muddatda tuzatish
imkoniyati mavjud bo‘lmaganda taqrizchi magistrlik dissertatsiyasini himoyaga
qo‘yish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida xulosa beradi.
Magistrlik
dissertatsiyasini rasmiy himoya qilish kuni oliy ta’lim muassasasi rektori
(direktori)ning buyrug‘i bilan tasdiqlangan jadval asosida belgilanadi.
Magistrlik
dissertatsiyasining rasmiy himoyasi oliy ta’lim muassasasining Davlat yakuniy
attestatsiya komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb ataladi) tomonidan
o‘tkaziladi.
Magistratura
talabasi magistrlik dissertatsiyasining rasmiy himoyasi taqdimot materiallari
bilan bayon etilishi va 20 daqiqadan oshmasligi lozim.
Rasmiy himoyada Komissiya a’zolari magistratura talabasini quyidagi
mezonlar asosida baholaydi:
- magistrlik
dissertatsiyasi tadqiqot mavzusining dolzarbligini va uning amaliyot bilan
bog‘liqligini ko‘rsatib bera olishi;
- magistratura talabasining
tadqiqotga va vazifalarni hal etishga mustaqil yondashuvi;
- foydalanilgan ilmiy
adabiyotlar, ilmiy nashrlar, normativ-huquqiy hujjatlar, statistik
ma’lumotlar, shuningdek xorijiy tillardagi adabiyotlar tanqidiy
tahlilining to‘liqligi va chuqurligi;
- tadqiqot usullari
amaliyotda qo‘llanilganligining asoslanganligi;
- olingan natijalar asosida
ishlab chiqilgan tavsiyalarning amaliy ahamiyati;
- magistratura talabasining
magistrlik dissertatsiyasi doirasida o‘tkazilgan tadqiqotlar va olingan
natijalarni rivojlantirish istiqbollarini ko‘ra bilish qobiliyati;
- magistrlik
dissertatsiyasining nazariy va amaliy qismlaridagi o‘zaro mantiqiy
bog‘liqlikni kuzata bilish malakasi.
Magistlik dissertasiyasi mavzulari