"O'zbekiston Respublikasi Davlat bayrog'i to'g'risida"gi
qonun 1991 yil 18-noyabrda O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
navbatdan tashqari o'tkazilgan VII sessiyasida qabul qilingan.
Davlat
bayrog'i va uning ramzi bugungi O'zbekiston sarhadida qadimda mavjud
bo'lgan davlatlar bilan tarixan bog'liqligini anglatadi hamda
respublikaning milliy-madaniy an'analarini o'zida mujassamlashtiradi.
Bayroqdagi
moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzi.
Timsollar tilida bu - yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni,
shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlati
bayrog'ining rangi ham moviy rangda edi.
Bayroqdagi
oq rang - muqaddas tinchlik ramzi bo'lib, u kun charog'onligi va koinot
yoritkichlari bilan uyg'unlashib ketadi. Oq rang – poklik, beg'uborlik,
soflikni, orzu va hayollar tozaligi, ichki go'zallikka intilishning
timsoli.
Yashil rang – tabiatning yangilanish ramzi. U ko'pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi.
Qizil chiziqlar – vujudimizda jo'shib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi.
Navqiron
yarim oy tasviri bizning tarixiy an'analarimiz bilan bog'liq. Ayni
paytda u qo'lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham.
Yulduzlar
barcha uchun ruhoniy, ilohiy timsol sanalgan. O'zbekiston Respublikasi
Davlat bayrog'idagi 12 yulduz tasviri ham tarixiy an'analarimiz, qadimgi
yilnomamizga bevosita aloqador. Bizning o'n ikki yulduzga bo'lgan
e'tiborimiz O'zbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida
nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi.
Davlat
bayrog'imizdagi 12 yulduz tasvirini o'zbek xalqi madaniyatining
qadimiyligi, uning komillikka, o'z tuprog'ida saodatga intilishi ramzi
sifatida tushunish lozim.