Aziz
do‘stlar!
Avvalambor
barchangizni kirib kelayotgan yangi — 2023-yil bilan samimiy muborakbod etaman!
Darhaqiqat,
qizg‘in va taassurotlarga boy kechayotgan joriy yilimiz tobora yakunlanar ekan,
bu davr mamlakatimiz hamda jamiyatimiz uchun bir qator muvaffaqiyatlar tuhfa etdi,
desak mubolag‘a bo‘lmaydi!
“Inson
qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”ni yakunlab “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim
yili”ga qadam qo‘yayapmiz.
Xabaringiz bor, ushbu
tashabbus Davlatimiz Rahbarining Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida
yangradi. Darhaqiqat, mazkur nutqda bildirilgan har bir taklif barchamiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, ta’lim, madaniyat,
ishlab chiqarish, tadbirkorlik va boshqa sohalarda kelgusida amalga oshiriladigan
tub o‘zgarishlar mamlakatimizning bugungi va kelgusi taraqqiyotida yuksak samara
beradi. Boisi, Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarning zamirida
bugungi global dunyoda kechayotgan jarayonlar kun tartibiga olib chiqayotgan dolzarb
masalalar yechimi, qolaversa xalqimizning xohish-istaklarini ro‘yobga chiqarishdek
ulkan maqsad yotibdi.
Qolaversa, 2023-yilga
yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berilishi ta’lim sohasi
vakillari zimmasiga ham ikki karra mas’uliyat yuklashini unutmaslik kerak!
Zero, O‘zbekistonda
olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini ta’minlashdek
ustuvor vazifa turibdi va bunga avvalo sifatli ta’lim, ya’ni bilimli, yuksak ma’naviyatli
hamda raqobatbardosh kadrlarni yetishtirish bilan erishiladi.
Qadrli yurtdoshlar!
Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki,
yakunlanayotgan 2022-yil oliygohimiz hayotida ham unutilmas va tarixiy jarayonlarga
boy yil bo‘ldi. Jumladan, “Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetini
tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident qarori asosida yangi oliygoh tashkil etilgani
mening, qolaversa mana shu dargohda uzoq yillardan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan
ustozlarning ko‘p yillik orzu-umidlari, sa’y-harakatlari ro‘yobi sanaladi.
Oliy ta’lim muassasalarining
milliy reytingida qadrdon universitetimiz bugungi kunda — beshinchi, oliy ta’lim
muassasalari filiallari reytingida esa NDKTU Nukus konchilik instituti uchinchi
o‘rinda turibdi. Texnika va qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari
reytingida esa universitetimiz kuchli uchtalikdan o‘rin olgan.
Shuni alohida e’tirof
etish kerak, universitet huzuridagi akademik litseyimizning matematika fani o‘qituvchisi
Gulchehra Ulug‘berdievaning Davlat Rahbarimiz tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlangani
yana bir muhim natija bo‘ldi.
Bugungi kunda universitet nufuzini oshirish borasida yosh o‘qituvchilarimiz hamda olimlarimiz tashabbuslari meni yanada quvontirmoqda. Joriy yilda ana shunday yosh va o‘z ustida tinimsiz izlanish olib borayotgan ikki nafar yosh olimining “Mard o‘g‘lon“ davlat mukofotlari bilan taqdirlangani erishilgan e’tirofli natijalarimizdan yana biri sanaladi.
Bundan tashqari, universitet
huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi yangi ilmiy kengash rasman faoliyatini boshlagani,
“Zarafshon vohasini innovatsion kompleks rivojlantirish: yutuqlar, muammolar va
istiqbollar” mavzusida uchinchi bor o‘tkazilgan xalqaro konferensiya joriy yildagi
eng muhim natijalarimizdan sanaladi.
Ayni vaqtda universitetning
ilmiy salohiyati 49,5 foizga yetkazilib, fan doktorlari soni 32 nafarni va falsafa
doktorlari soni 100 nafardan ortiqni tashkil etmoqda. Kelgusi yilda bu borada o‘sish
sur’atlarini yanada jadallashtirish, ta’lim sifatini oshirish oldimizda turgan eng
muhim vazifa sanaladi.
Joriy yilimiz yakunida
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining tegishli buyrug‘i bilan 2022-2023 o‘quv
yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalari
iqtidorli talabalari va doktorantlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
va nomli davlat stipendiyalari tayinlandi. Ular orasida Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining
1 nafar bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabasi
va 1 nafar doktoranti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiati bo‘lgan bo‘lsa, 3 nafar talaba nomli davlat stipendiyalari sohibi
bo‘lgani hamda universitet huzuridagi Nukus konchilik institutining 3 nafar talabasi
ham stipendiat bo‘lgani Yangi yil arafasida
barchamizni xushnud etdi.
Bundan tashqari,
2022-yilda bir qator talaba, magistr, doktorant va o‘qituvchilarimiz qo‘shma ta’lim
dasturlari hamda o‘zaro hamkorlik memorandumlari asosida dunyoning 10 dan ortiq
mamlakati — Rossiya, Yaponiya, Ispaniya, Belorussiya, shuningdek qardosh qo‘shni
davlatlarda stajirovkalar o‘tib qaytishdi.
Resublika miqyosidagi va xalqaro miqyosdagi qator tanlovlarda yosh olimlarimiz o‘zlarining
ilmiy maqolalari bilan ishtirok etib g‘olbilikni qo‘lga kiritdi.
Muhtaram do‘stlar!
Tobora yakunlanayotgan
2022-yil yuqorida tilga olingan ana shunday e’tirofli yutuqlar bilan xotiralarimizda
qolmoqda!
Fursatdan foydalanib,
Sizlarni yana bir bor Yangi yil bayrami bilan qizg‘in qutlagan holda har biringizga
2023 — “Insonga e’tibor va ta’lim sifatini oshirish” yilida yangi muvaffaqiyatlar
tilayman!
Oilalaringizdan qut-baraka,
xonadon-laringizdan baxt-u saodat hech qachon arimasin!