Davlatimiz Rahbarining
Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi har birimizning hayotimizda
tarixiy sana sifatida muhrlanib qoladi. Ushbu
muloqot chog‘ida Yurtboshimiz tomonidan ijtimoiy-siyosiy hayotimizning barcha
jabhalarini qamrab olgan qator takliflar, xususan ta’lim, tibbiyot, sud-huquq, prokuratura,
moliya, madaniyat va boshqa sohalarda ilgari surilgan tashabbuslarning har biri
alohida ahamiyatga ega. Eng avvalo, 2023-yilga yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli
ta’lim yili” deb nom berilishi bu nafaqat ta’lim, balki barcha soha vakillari dilidagi
gap bo‘ldi!
Darhaqiqat, yurtimiz aholisi soni 36 milliondan
oshdi. Mamlakatimiz Rahbari ta’kidlaganidek, har yili mazkur raqam o‘rtacha 900
mingtaga oshmoqda. Bu esa amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lamini, yaratilayotgan
ish o‘rinlari sonini, mahallalarda oilalarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy
ko‘mak hajmini tobora oshirib borishni ham taqozo etadi. Yurtboshimiz bunga to‘xtalar
ekan, g‘oyat murakkab va sinovli davrda mazkur masalalar eng birinchi vazifa sifatida
belgilab olinganligini ta’kidlab o‘tdi. “Ushbu davrda to‘plagan tajribamiz bir haqiqatni
yaqqol isbotlab bermoqda: taraqqiyot – faqat va faqat jasoratli mehnat orqali bo‘ladi!”,
dedi Prezidentimiz.
Bugun xalqimiz
nimani, qanday o‘zgarishlarni istamoqda? Muhtaram Yurtboshimiz ayni shu masala yuzasidan olib borilgan tahlillarni
tilga olar ekan, maktab, bog‘cha va shifoxonalar sonini ko‘paytirish, ta’lim va
tibbiyot sifatini yanada oshirish, mahallalarda yo‘l, suv, elektr, transport muammolarini
hal etish bugungi kunning o‘ta zarur va muhim vazifalari ekanligini qayd etdi. Bundan
tashqari, joylarda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni yangi imkoniyatlar
bilan ta’minlash, bu sohadagi ovoragarchilik, byurokratiya va korrupsiyani to‘la
yo‘q qilish ham xalqimiz roziligi yo‘lidagi zarur ilohotlar sanalishi aytildi.
Shubhasiz, O‘zbekistonda
olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini ta’minlashdek ustuvor vazifa turibdi va bu quyi tizimlardagi
har bir rahbar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Yurtboshimizning “Aslida ham, bizning eng bebaho
boyligimiz, bu – bunyodkor xalqimiz, duogo‘y ota-onalarimiz, navqiron avlodimiz
emas-mi?”, deya ta’kidlagani bejiz emas.
Hech kimga sir
emas, har bir mamlakat taraqqiyotining o‘zagi eng birinchi navbatda ta’limning sifatiga,
yetishtirilayotgan kadrlarning raqobatbardoshligiga borib taqaladi. Jahon siyosati markazlaridan biriga aylanayotgan
yurtimizda ham asosiy e’tibor Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan
ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, desak xato emas. O‘qituvchilarning maqomini
oshirish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, jumladan bu masalani Konstitutsiyada
mustahkam belgilash yuzasidan qilinayotgan o‘zgarishlar tahsinga loyiq!
Murojaatnomada
qayd etilganidek, kelasi yildan boshlang‘ich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida
yaratilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yilishi yana bir muhim yangilik
sanaladi. Milliy ta’lim tizimida farzandlarimizning qobiliyatini rivojlantirishga,
kreativ fikrlashni rag‘batlantirishga, boshlang‘ich ta’limdanoq xorijiy tillarni
o‘qitishga, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishga e’tibor qaratilayotgani, kelgusida oliy ta’limda dunyoda
raqobatbardosh kadrlar tayyorlash samarasini bir necha karraga oshiradi, albatta.
Murojaatnomada
700 dan ortiq kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar imkoniyatidan samarali foydalanish
zarurligi ham ko‘rsatib o‘tildi. Bu maqsadda 2023-yildan boshlab yangi dastur amalga
oshiriladi. Har bir viloyatda 1 tadan texnikumda Yevropa kasbiy ta’lim standartlari
joriy etiladi. Kimyo sanoati, elektrotexnika, transport va energetika sohalarida
nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan birga, alohida Muhandislik maktablari tashkil
qilinadi. Bu yangilanishlarning konchilik, kimyo-texnologiya, qishloq xo‘jaligi
kabi sohalarida yosh mutaxassislar yetishtirib kelayotgan bizning oliy ta’lim muassasamiz
uchun ham ahamiyati katta.
“Odamlarimizning
tashabbusi, shijoati va salohiyatini ishga solish uchun barcha sharoitlarni yaratish
asosiy vazifamiz bo‘lishi kerak”, deya ta’kidlandi Murojaatnomada. Albatta, barcha
takliflar bugungi va kelgusi o‘zgarishlar avvvalo, xalqimizning orzu-umidlari, xohish-istaklari
bilan hamohang bo‘lishini ko‘rsatadi. Yurtimiz ahli o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘ygan
ekan, shubhasiz bahamjihatlikda ko‘zlangan yuksak natijalarga erishiladi.
Baxtiyor MARDONOV,
Navoiy davlat konchilik va
texnologiyalar universiteti rektori,
texnika fanlari doktori,