Yangiliklar

YANGI QONUN: XALQARO TAJRIBALAR ASOSIDA DAVLAT XIZMATINI RIVOJLANTIRISH YOʻLIDA


Maʼlumki, “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili bugungi kunda mamlakatimizda  amalga oshirilayotgan islohotlarning tub asosini tashkil etmoqda. 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham davlat organlari faoliyati samaradorligini hartomonlama oshirish, xalqaro tajribalar asosida yangi tizimilarni yoʻlga qoʻyish lozimligi qayd etilgan. 

Yurtimizda bu borada olib borilayotgan muhim oʻzgarishlarning amaliy natijasi sifatida 2022-yil, 8-avgustda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilinganligini va bugungi kunda amaliyotga izchillik bilan tatbiq etilayotganligini alohida taʼkidlash kerak. Qonun 10 ta bob va 64 ta moddadan iborat boʻlib, uning “Davlat fuqarolik xizmati sohasida davlat boshqaruvi”, “Davlat fuqarolik xizmatchisining huquqiy maqomi”, “Davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish” kabi boblarida davlat fuqarolik xizmatchisining huquqlari, majburiyatlari, odob-axloq qoidalari kabi tushunchalari aks etgan. Hujjat Oʻzbekistonda ijro hokimiyati funksiyalarini amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlaridagi davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyati bilan bogʻliq barcha munosabatlarni yagona qoidalar asosida tartibga soladi.

Jumladan, Qonunning 5-moddasi “Davlat fuqarolik xizmatining asosiy prinsiplari” deb nomlanib, unda davlat fuqarolik xizmati tizimining yagonaligi va barqarorligi, qonuniylik, adolatlilik, xalqqa xizmat qilish, davlat organlarining va mansabdor shaxslarning jamiyat hamda fuqarolar oldida masʼulligi kabi bandlar belgilangan.

Qonunga koʻra, davlat fuqarolik xizmatini oʻtashda mazkur qonun bilan tartibga solinmagan munosabatlarga Mehnat kodeksi qoʻllaniladi. Shuningdek, davlat xizmatchisi tadbirkorlik bilan shugʻullanishi, ularning muassisi boʻlishi, Oʻzbekistondan tashqarida hisob varaqlar ochishi, chet elda koʻchmas mulk olishi taʼqiqlanadi. Davlat xizmatchilari uchun 5 kunlik ish haftasi va haftasiga 40 soatdan oshmaydigan ish davomiyligi belgilanadi. Davlat xizmatchilariga 27 kundan kam boʻlmagan yillik asosiy taʼtil beriladi.

Qonun bilan davlat fuqarolik xizmati sohasida vakolatli organ etib – Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi belgilandi. Agentlikning davlat fuqarolik xizmati sohasidagi vakolatlari ham belgilab berildi. Agentlik mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ushbu qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlash borasida bir qator vazifalar va chora-tadbirlarni belgilab oldi.

Qonunda “davlat fuqarolik xizmati” tushunchasiga taʼrif berilar ekan, unga “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat fuqarolik xizmati lavozimlaridagi davlat organlari vakolatlari amalga oshirilishini taʼminlashga doir haq toʻlanadigan kasbiy faoliyatini ifodalaydi”, deya izohlangan. Shudan kelib chiqib aytish lozimki, har bir davlat xizmatchisi zimmasida masʼuliyat bu — xalq oldidagi burch.   Ushbu hujjatda “davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyasi” tushunchasi ham mavjud boʻlib, bu  davlat organining vakolatlarini lozim darajada amalga oshirish uchun zarur boʻlgan bilimlar, malakalar va koʻnikmalar majmuini anglatadi. Qonunning bilish muhim boʻlgan jihatlaridan yana biri, 24-moddada davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining malaka darajalari belgilangan boʻlib, bunda tegishli guruhlar va toifalar belgilab berilgan. Yaʼni, guruhlar — siyosiy, boshqaruv, yordamchi, toifalar esa rahbar kadrlar, boshqaruv kadrlari va mutaxassislarga ajratilgan. Malaka darajalari 1-dan, 5-darajaga qadar boʻlishi ham koʻrsatib oʻtilgan. Mazkur darajalar qoida tariqasida oliy maʼlumotga va muayyan ish stajiga, malaka oshirish kurslarini tugatganligi toʻgʻrisidagi sertifikatga, malaka komissiyasining ijobiy xulosasiga ega boʻlgan taqdirda beriladi.

 

Ozod aka matbuot, [12.12.2022 10:45]

Darhaqiqat, Qonunning 37-moddasi “Davlat fuqarolik xizmati boʻyicha koʻtarilish” deb nomlanib, unda “Davlat fuqarolik xizmati boʻyicha koʻtarilish davlat fuqarolik xizmatchisining oʻz kasbiy kompetensiyasini uzluksiz ravishda oshirib borishi hisobiga xizmat faoliyatining natijadorligi asosida yuqoriroq lavozimga tayinlash yoki yuqoriroq malaka darajasini berish orqali amalga oshiriladi”, deya qayd etilgan. 

Ayni paytda Navoiy viloyatida ham mutasaddi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mazkur Qonunning mazmun-mohiyati toʻgʻrisida targʻibot tadbirlari amalga oshirilmoqda. Turli taqdimotlar, maʼruza matnlari orqali tinglovchilarga oʻz haq-huquqlari, majburiyatlari va vazifalari aks etgan maʼlumotlar berilmoqda. Bu kabi uchrashuvlar orqali esa fuqarolarimizda yurtimizda kechayotgan islohotlarga daxldorlik hissi kuchayib, huquqiy bilim va koʻnikmalari yanada ortadi.

Xulosa qilib aytganda, xalqaro tajribadan kelib chiqish mamlakatimizda davlat organlari faoliyatida shaffof va samarali tizim yoʻlga qoʻyilayotgan ekan, mazkur yangi qonun har bir muassasa va tashkilot faoliyati, pirovard maqsadda esa davlatimiz taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi. 

 

Nasiba ASHUROVA, 

Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar 

universiteti Moliya va iqtisod masalalari

boʻyicha prorektor,

Xalq deputatlari Navoiy shahar

Kengashi deputati