Maʼlumki, konchilik sohasi Oʻzbekiston
sanoatining va mamlakatimiz iqtisodining yetakchi tarmogʻi sanaladi.
Ushbu sohada nafaqat yurtimiz balki dunyo miqyosida yetakchi boʻlgan Navoiy kon-metallurgiya kombinati faoliyati
bunga misol.
Umuman olganda, bugungi Navoiy viloyati hududida, yaʼni Qizilqumda
mazkur soha qadimdan rivoj topgani xususida tarixiy faktlar ham mavjud.
Jumladan, Navbahor tumanida joylashgan Sarmishsoy petrogliflari hamda Uchtut
hududidan topilgan tarixiy chaqmoqtosh konlari bunga misol. Konchilik
sohasining azaldan bu maskanda rivoj topishining asosiy omili, yaʼni Qizilqum
bagʻridagi boy resurslar bilan birga bu yerda yashagan kishilarning
omilkorligini ham alohida taʼkidlash kerak. Ajdodlarimizning ana shu tarixiy
merosi, yaʼni konchilik ilmi bugungi kunda ham ushbu soha rivojlanayotganida
muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugungi kunda yurtimiz konchilik sohasi uchun malakali mutaxassis
yetkazib berayotgan Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimidagi yetakchi oliygohlardan
biri Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti sanaladi. Ushbu
universitet faoliyatining asosiy yoʻnalishlari sanoat, texnika-texnologiya,
muhandislik sohalari uchun oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik
kadrlar tayyorlashdir.
Dastlab, universitet tarixi xususida aytib oʻtsak. 1963-yilda Navoiy
shahrida Toshkent politexnika institutining kechki oʻquv maslahat punkti
ochiladi va bu yerda besh nafar kishi faoliyat boshlaydi. 1966-yilda esa kechki
oʻquv maslahat punkti Toshkent politexnika institutining umumtexnika
fakultetiga aylantirilgan. Oʻzbekiston Mustaqlligidan soʻng, yaʼni 1995-yilga
kelib ushbu filial Navoiy davlat konchilik instituti maqomiga erishdi. Albatta,
bu oʻzgarishlar oʻz-oʻzidan boʻlgan emas. Buning har birida oʻsha davrda ish
olib borgan pedagoglarning saʼy-harakati, mehnati bor. Oliygohning mana shu
oʻtgan davrdagi faoliyatiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, Navoiy viloyati
hududida yirik sanoat klasterlarining tashkil etilishi va rivojlanishi ularga
mutaxassislar yetishtirib berayotgan oliygoh faoliyati bilan ham chambarchas
bogʻliq ekanligini koʻrish mumkin.
Darhaqiqat, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-mart
sanasida eʼlon qilingan “Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar
universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori asosida 2022-yildan
eʼtiboran Navoiy davlat konchilik instituti universitet maqomida faoliyat
yuritib kelmoqda. 2000-yillarda 2,5 ming atrofida, keyinchalik esa oʻrtacha 6
ming nafarga yaqin talaba tahsil olgan boʻlsa, ayni vaqtda ular soni 8,5
mingdan oshdi. Yaqin yillar ichida esa
universitetda 15 ming nafar yosh avlod taʼlim olishi rejalashtirilgan.
Darhaqat, 5 kishi bilan tamal toshi qoʻyilgan oliygohda bugungi kunga kelib 500
nafardan ortiq ishchi-xodimlar, xususan 300 nafarga yaqin pedagog kadrlar
faoliyat olib bormoqda.
Bugungi kunda universitetda 4 ta — Energo mexanika fakulteti, Konchilk
fakulteti, Kimyo-metallurgiya fakulteti, Qishloq xoʻjaligi fakultetifaoliyat
olib boradi. Oliygohda 9 ta mutaxassislik — Konchilik ishi, Konchilik elektr mexanikasi, Metallurgiya,
Mashinasozlik texnologiyasi, Avtomatlashtirish va boshqaruv,
Elektr-energetikasi, Noyob va radioaktiv metallar rudalarini qazish va qayta
ishlash, Kimyoviy texnologiya hamda Agronomiya kafedralari faoliyat olib
boradi. Bundan tashqari, universitetda 6 ta nomutaxassislik — Umumiy fizika,
Oʻzbek va chet tillar, Hayot faoliyati xavfsizligi, Oliy matematika va axborot
texnologiyalari, Ijtimoiy-gumanitar fanlar, Iqtisod va menejment kabi
kafedralar ham mavjud.
Jami hududi 19 gektardan ziyodni tashkil etgan oliygohning yangi
binosida oʻquv jarayonlari 2017-yil boshlangan boʻlib, aytish mumkinki bu
obyekt bugungi kunda sanoatlashgan Navoiy shahrining ramzlaridan biriga
aylangan. Zamonaviy va shinam auditoriyalar, leksiya zallari, laboratoriya
xonalari, kutubxonalar talabalar ixtiyorida.
Aytish mumkinki, universitet o‘quv binosining qariyb 60 foizi ayni vaqtda
laboratoriyalardan iborat. 2018-yilda oliygohda 24 ta oʻquv hamda 3 ta ilmiy
laboratoriya mavjud boʻlgan boʻlsa, bugunga kelib ular soni jami 43 taga
yetkazildi va 2024-yilga borib esa bu koʻrsatkichni 63 taga yetkazish ustida
ish olib borilayapti.
Albatta, bu imkoniyatlar ilmiy-tadqiqotlarning kengayishiga bevosita
ijobiy taʼsir oʻtkazadi. Jumladan, jami 250 nafarga yaqin
professor-oʻqituvchilarning ilmiy himoya ishlari soni 2018-yilda 17 tani
tashkil etgan boʻlsa, 2021-yilda bu koʻrsatkich 26 tani tashkil etdi va
2022-yil yakunigacha jami 40 nafardan ortiq universitet olimlarifan doktorlik
va falsafa doktori ilmiy unvonini olishi
kutilmoqda.
Universitet olimlari tomonidan intellektal mulkka egalik masalasida esa
2018-yilda 3 ta patent olingan boʻlsa, oʻtgan yilning oʻzida bu koʻrsatkich 12
taga yetkazildi. Bu borada oʻsish dinamikasi kutilganidek jadal rivojlanib
bormoqda. Bugunga qadar 11 ta yoʻnalish boʻyicha doktorantlar tayyorlangan
oliygohda qoʻshimcha ravishda 12 ta ixtisoslik boʻycha yuqori malakali ilmiy
xodimlar yetishtirish koʻzda tutilgan.
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida xalqaro ilmiy
hamkorlik masalalariga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Xususan, hozirda Buyuk
Britaniyaning Lids universitetiva AQSHning Kolarado konchilik universiteti,
Moskva shahridagi Milliy tadqiqotlar va texnologiyalar universiteti,
Yaponiyaning Akita universiteti va boshqa nufuzli oliygohlar bilan hamkorlik
loyihalari amalga oshirilmoqda.
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida
axborot–kommunikatsion texnologiyalarni joriy etish, oliygohni “Raqamli
universitet”ga aylantirish borasida ham qator saʼy-harakatlar amalga
oshirilmoqda.
Bundan tashqari, asosiy eʼtibor professor-oʻqituvchilar va talabalar
uchun axborot-kommunikatsion texnologiyalar boʻyicha yaratilgan
shart-sharoitlar va elektron hujjat almashish, taʼlim jarayoniga raqamli
texnologiyalar va zamonaviy usullarni joriy etishga qaratilgan. Xususan,
universitetning “Raqamli taʼlim texnologiyalari markazi” tomonidan bu borada
faol ish olib borilmoqda.
Universitetning barcha fakultetlari lokal tarmoq va internet tarmogʻi
ulangan boʻlib, bugungi kunda ushbu tarmoqlardan professor-oʻqituvchi va
talabalar foydalanib kelmoqdalar. Shuningdek, talabalar va oʻqituvchilar
foydalanishlari uchun rektorat binosida, fakultetlarda va axborot resurs
markazida “WI-FI” zonalar tashkil etilgan. Ayni vaqtda barcha fakultetlarda va
rektorat binosida “SMART” xonalar ham tashkil etish borasida jadal ishlar olib
borilayapti.
Universitetda talabalar
bilimini baholash uchun kompyuterda test olishda test.ndki.uz platformasi
ishlatilib kelinmoqda. Shu bilan birga, masofaviy taʼlimni yoʻlga qoʻyish
boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilayapti. Bu borada 2020-yil 1-apreldan
boshlab masofaviy taʼlim platformasi tizimi yaratilib, ishga tushirilgan.
Maʼlumki, “Raqamli
universitet” loyihasi doirasida “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish axborot
tizimi” (HEMIS - Higher Education Management Information Systems) ishlab
chiqilgan. 2020-yilning 3 choragidan boshlab ushbu tizim universitetda ishga
tushirildi va bugungi kunda uni toʻliq ishga tushirish ishlari amalga
oshirilmoqda.
Shu oʻrinda universitet
Axborot-resurs markazi faoliyatiga ham alohida toʻxtalib oʻtsak. Markazda
foydalanuvchilar uchun 6 ta oʻquv zali hamda 1 ta kitoblarni saqlash xonasi
mavjud boʻlib, 5 ta boʻlim ish yuritib kelmoqda. Ushbu boʻlimlarda 23 nafar
xodimlar faoliyat olib borayapti. Axborot-resurs markazining umumiy fondi 180
125 nomdagi elektron kitoblar hamda 90 135 dona bosma adabiyotlardan iborat.
Fondning asosini darsliklar, oʻquv qoʻllanmalar va ilmiy adabiyotlar tashkil
etadi. Bundan tashqari kutubxonada qariyb 15 mingta badiiy adabiyotlar ham
mavjud. Hozirga qadar mavjud kitoblarning 95 foizi elektron shaklga
oʻtkazilgan. Foydalanuvchilarga sifatli va tezkor xizmat koʻrsatish maqsadida
Axborot-resurs markazi bazasida 180000 mingdan ortiq kitoblarning elektron
nusxalari bor boʻlgan “Elektron kutubxona portali” hamda “Axborot kutubxona
boshqaruv tizimi” dasturlari ishga tushirilgan. Dasturdan hozirda 6 ming
nafarga yaqin professor-oʻqituvchilar va talabalar foydalanmoqda. Uning
imkoniyatlari juda katta. Birinchidan foydalanuvchilarning vaqti tejaladi,
masofadan turib Axborot-resurs markazidagi kitoblarni qidirish, buyurtma berish
imkoniyati mavjud, foydalanish uchun beriladigan barcha kitoblar onlayn
rasmiylashtiriladi, hatto kitoblarni oʻz vaqtida qaytarmagan foydalanuvchilarga
tizimning oʻzi xabar beradi. Budan tashqari, ushbu yangi dastur
foydalanuvchilarga fondga yangi kelgan kitoblar haqida xabar ham beradi, eng
koʻp oʻqilgan kitoblar, eng koʻp soʻralgan adabiyotlar qaysi, eng faol
foydalanuvchilar kimligi haqidagi statistik maʼlumotlar ham shakllanadi hamda
kitoblarga oldindan buyurtma berish imkoniyati yaratilgan.
Navoiy davlat konchilik
va texnologiyalar universiteti tarkibida Talabalar turar joyi ham mavjud
boʻlib, 600 oʻrinli mazkur obyekt zamon
talablari darajasida toʻliq jihozlangan. Bu yerda talabalarning yashashi,
oʻqishi va dam olishlariga alohida eʼtibor qaratilib, qavatlar va xonalarning
barchasi kerakli shart-sharoitlar bilan taʼminlangan. Talabalar turar joyida
ikkita sport (voleybol va basketbol) maydonchasi, shuningdek kompyuter xonasi,
sanʼat va musiqa xonasi, shaxmat-shashka va stol tennisi xonalari mavjud.
Bu yerda yoshlar uchun
Axborot resurs markazi filiali ham faoliyat olib boradi. Ushbu kutubxonada
toʻrt mingdan ortiq badiiy va mutaxassislikka oid adabiyotlar jamlangan.
Talabalar turar joyida yashovchi talaba-qizlar uchun esa
tikuvchilik-toʻquvchilik va pazandachilik toʻgaraklari faoliyat koʻrsatadi.
Universitet talabalar
turar joyida talabalarga ijtimoiy psixologik muhitni yaratish maqsadida
ularning darsdan boʻsh vatlarini behuda oʻtkazmasliklari, vaqtini maqsadli va
unumli sarf etishlari maqsadida yoshlarning qobiliyat va qiziqishlari
oʻrganilib, tyutorlar bilan birgalikda turli mavzularda maʼnaviy-maʼrifiy
tadbirlar oʻtkazilib kelinadi. Bundan tashqari, Talabalar turar joyida Yoshlar
Ittifoqi boshlangʻich tashkiloti va faollaridan iborat Talabalar Kengashi
faoliyati ham yoʻlga qoʻyilgan.
“Avvalo olim boʻl! Loaqal taʼlim
oluvchi yoki tinglovchi, ilmu ulamolarni sevuvchi boʻlgin, boshqasi boʻlma”,
deyiladi hadisi sharifda. Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar
universiteti faoliyati haqida ham gap ketganda ilmda yangilik yaratayotgan,
ilmiy kashfiyot ustida ishlayotgan kishilar koʻz oʻngimizda gavdalanadi. Shu
bois, oliygohda har hafta kamida bitta
ilmiy yangilikni kuzatish mumkin. Eng muhimi bunday tashabbuslar asosan yosh
olimlar tomonidan amalga oshirilayotgani diqqatga sazovor. Bu esa mamlakatda
oliy taʼlim sohasiga, olimlarga
qaratilgan eʼtibor samarasi sanaladi.
Darhaqiqat, 2022-2026-yillarga
moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining asosiy
yoʻnalishlaridan biri ham inson kapitaliga sarmoya kiritishdir. Bunda birinchi
navbatda taʼlimni qoʻllab-quvvatlash, yosh avlodning ilmiy tafakkurini
boyitishga muhim eʼtibor qaratilmoqda. Shu maʼnoda, Navoiy davlat konchilik va
texnologiyalar universitetida olib borilayotgan barcha saʼy-harakatlar mamlakat
miqyosida belgilab olingan dolzarb islohotlarning Navoiy viloyati misolida
amalga oshirilayotgan amaliy ifodasi
boʻlayapti, deyish mumkin.
Navoiy davlat konchilik
va texnologiyalar universiteti Axborot xizmati