Yangiliklar

ILMIY FAOLIYAT BILAN SHUGʻULLANAYOTGAN TALABALAR: UNIVERSITETDA ULAR UCHUN QANDAY SHAROITLAR YARATILGAN?


Yoshlik — ayni shijoatga toʻla davrda puxta ilm egallash fursati. Bunda asosiy masala yosh avlodga zarur imkoniyat va shart-sharoitlarni yaratib berish, ularning intilishini ragʻbatlantirib borishdir. Sir emas ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotganlarga, ayniqsa yosh olimlarga qaratilayotgan chuqur eʼtibor mamlakatimizdagi yoshlarga oid davlat siyosatining ajralmas qismi sanaladi. 


Ilmiy faoliyat

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-sentabr sanasida eʼlon qilingan “Respublika oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan, ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanayotgan iqtidorli yoshlarni yanada qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida oliy taʼlim muassasalarida tizimli ishlar olib borilayapti.

Bugungi kunda 8 ming nafarga yaqin talaba va 100 nafardan ortiq magistrlar tahsil olayotgan Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining bu boradagi faoliyatiga toʻxtaladigan boʻlsak, muassasada iqtidorli talabalar bilan olib borilayotgan ishlarning asosiy maqsadi yoshlarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirishdan iboratdir. Universitet talabalarining boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida universitetda ilmiy-tadqiqot toʻgaraklari, fan toʻgaraklari, sport toʻgaraklari, maʼnaviy-maʼrifiy toʻgaraklar faoliyat koʻrsatib kelmoqda.


Ilmiy faoliyat

Sport toʻgaraklari yoshlarni sportga keng jalb qilish va jismoniy tarbiyani ommalashtirish maqsadida universitet sport majmuasida tashkil etilgan boʻlib, talabalarda jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shugʻullanish hamda sogʻlom turmush tarzi boʻyicha hayotiy koʻnikmalarni shakllantirish asosiy maqsad qilingan. Fan toʻgaraklarida esa talabalarning boʻsh vaqtlarini maqsadga muvofiq holda mazmunli tashkil etish va tahsil olish jarayonida ularning olgan bilim va koʻnikmalarini yanada mustahkamlash maqsadida kafedralarda tashkil etilgan. Ushbu toʻgarakning maqsadi talabalarning maʼruza, seminar va amaliy mashgʻulotlarida olgan bilimlarini yanada mustahkamlash, fan yoʻnalishi boʻyicha soʻngi yillarda erishilgan yutuqlar,  yangiliklar, qoʻllanilayotgan ilgʻor texnika va texnologiyalar bilan tanishtirishdan, shuningdek, fan olimpiadalariga tayyorlab borishdan iborat.

Yana bir eʼtibor til toʻgaraklariga qaratilgan va talabalarga ingliz, nemis, fransuz va rus tillarini mukammal oʻrgatish uchun “Oʻzbek va chet tillari” kafedrasida bir qator toʻgaraklar faoliyat olib bormoqda. Fan, sport va maʼnaviy-maʼrifiy toʻgaraklar nafaqat universitetda, shuningdek, talabalar turar joyida ham faoliyat yuritmoqda.

Yoshlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga qiziqtirish va jalb etish maqsadida universitetda joriy oʻquv yilida 12 ta ilmiy-tadqiqot toʻgaragi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu toʻgaraklarga 296 nafar iqtidorli talaba va magistr jalb etilgan boʻlib, unda 35 dan ortiq ilmiy tadqiqot guruhlari va professor-oʻqituvchilar faoliyat yuritmoqda. Toʻgaraklarda tashkil qilingan ishchi guruh aʼzolari tomonidan muammoli mavzularga yechim topish boʻyicha ham tegishli ishlar olib borilmoqda. Joriy yilda ilmiy-tadqiqot toʻgaraklari aʼzolari tomonidan xalqaro va mahalliy ilmiy jurnallarda chiqargan korxonalarning muammolari yechimiga qaratilgan 100 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar chop ettirildi.

Iqtidorli yoshlarimizdan biri universitet ikkinchi kurs magistranti Nodira Saidova sanaladi. Yaqinda u Yaponiyaning Akita shahrida boʻlib, Akita universitet va mazkur davlatning bir qator zavodlari faoliyati bilan tanishib qaytdi. Yosh iqtidorli magistr “BIOX jarayonida hosil boʻladigan temir tutgan minerallarni tadqiq qilish” mavzusida ilmiy izlanish olib bormoqda. Konchilik fakulteti talabalari Saodat Saydullayeva va Fazliddin Iydiboyev ham iqtidorli yoshlarimizdan. Mazkur yoshlar joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkazilgan “Mirzo Ulugʻbek vorislari” tanlovi respublika bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritib, “Ulugʻbek” jamgʻarmasi tomonidan maxsus yoʻllanma hamda sertifikat bilan taqdirlanishgan. Konchilik fakulteti talabasi Marjona Eshqobilova esa “Odam savdosi - davr muammosi” mavzusida oʻtkazilgan “Eng yaxshi maqola” tanlovida  faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. “Eng yaxshi kitobxon talaba” tanlovining hududiy bosqichida yana bir e’tirofli oʻringa ega bo‘lgan Kimyo-metallurgiya fakulteti talabasi Olimjon Xudoyberdiyev ham iqtidorli faol yoshlarimizdan sanaladi. Bunday talabalar nomini yana ko‘plab keltirib o‘tish mumkin.

Iqtidorli talabalarning kasbiy yoʻnalishi va sohalariga asoslangan holda universitetda mavjud boʻlgan toʻgaraklarga jalb etilgan iqtidorli talabalar orasidan kafedralar tomonidan saralangan iqtidorli talabalar ilmiy loyihalarga ham jalb etilib kelinmoqda. Davlat grantlari, xoʻjalik shartnomalari va xalqaro loyihalarga jalb qilingan iqtidorli talabalarning umumiy soni bugungi kunda 140 nafarni tashkil etadi. Xususan, “Konsentratlar va boyitish qoldiqlarini koʻp bosqichda qayta ishlash orqali metallarni boyitishning yangi kombinatsiyalashgan innovatsion usuli bilan texnogen chiqindilardan qimmatbaho (platina, palladiy, kumush, oltin) va nodir (litiy, germaniy) metallarni olish texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi davlat ilmiy-tadqiqot doirasidagi loyihaga 10 nafar talaba jalb qilingan.

Universitetda talabalarni ilmiy faoliyatga yoʻnaltirish maqsadida “Student Advisory Council” (“Talabalar maslahat kengashi”) tashkil etilgan boʻlib, ushbu kengash iqtidorli talabalarning ilmiy faoliyatida kuzatiladigan muammolarni yechishda va seminar-uchrashuvlar tashkil etishda oʻzining amaliy yordamini koʻrsatib kelmoqda. Joriy yilning 30-sentabr kuni ilmiy faoliyatga qiziqishi bor talabalar bilan universitetning yetuk soha vakillari, professorlar S.Bozorova va F.Umirovlar bilan ilmiy seminar tashkil etildi. 8-oktabr kuni esa “Texnik ijodni faollashtirish” mavzusida seminar tashkil etildi. Bu boradagi tadbirlar davom ettirilib, 27-oktabr sanasida xorijiy OTM professor-oʻqituvchilari bilan iqtidorli talabalar uchrashuvi ham oʻtkazildi. NDKTUda 8-noyabr kuni tashkil etilgan “Fan va texnika taraqqiyotida yoshlar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani ham samarali oʻtdi.  Bunday anjuman, seminar va uchrashuvlar talaba yoshlarni ilmiy faoliyatga yanada koʻproq jalb etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev chiqishlarining birida “Dunyoqarashni nima oʻzgartiradi — ilm, daromad, manfaat”, degan edi. Aytish mumkinki, bugungi kunda yurtimizda ilm ahli uchun katta imkoniyatlar yaratilgan. Yoshlar dunyoqarashida puxta bilim olish farovon hayotning birdan bir yechimi ekanligini shakllantira olsak, albatta koʻzlangan barcha maqsadlarimiz toʻla amalga oshadi.

 

Gulrux RAHIMOVA,

NDKTU Iqtidorli talbalarning ilmiy

 tadqiqot faoliyatini tashkil etish

boʻlimi boshligʻi