Yangiliklar

QARDOSH XALQLAR OʻRTASIDAGI MUSTAHKAM DOʻSTLIK YANGI TARAQQIYOT DAVRINI BOSHLAB BERMOQDA


Turkiston davlat tashkiloti

Turk dunyosi — tarixan Yer sharining katta qismida istiqomat qilgan xalqlar oʻz davrida jahon sivilizatsiyasiga tamal toshini qoʻyib, boshqa ellarning ham tamadduniga uygʻonish davrini — Renessansni tuhfa etgani tarixan maʼlum hodisa. Garchi asrlar silsilasi xalqlarimizni bir qadar uzoqlashtirgan boʻlsa-da, umumiy oʻxshash til va madaniyat hamda din millatlarimizni hamon mushtarak etib turibdi.

Kelasi yili 30 yilligi nishonlanadigan Turkiy Davlatlar Tashkiloti va mazkur tuzilma atrofida turk xalqlarining yana birlashayotgani ham tarixiy haqiqat yuzaga chiqayotganligini koʻrsatadi. Bu avvalo, oʻzaro hamkorlikdagi yangi taraqqiyot davrining boshlanishi, desak xato emas.  

Darhaqiqat, turk dunyosining tarixiy poytaxti — azim Samarqandda “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida oʻtkazilgan Turkiy Davlatlar Tashkilotining navbatdagi sammiti dunyo tarixiga muhim hodisa boʻlib kirdi. Tadbirda Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya Respublikasi, Turkmaniston va Vengriya mamlakatlari rahbarlari ishtirok etdi. Shuningdek, nufuzli tadbirda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti, Turkiy davlatlar parlament assambleyasi, Xalqaro turkiy akademiya, Turkiy madaniyat va meros jamgʻarmasi, ushbu koʻp tomonlama tuzilma Kotibiyati rahbarlari qatnashdi.

Avvalo, davlat rahbarlari tomonidan siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi hamda oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish, turizm, energetika va qishloq xoʻjaligida hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi. Mamlakatlar yetakchilari eʼtiborni bugungi kunda dunyoda kechayotgan global jarayonlarga ham qaratib, kuchayib borayotgan tahdid va tahlikalarini yengish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirish maqsadida strategik masalalar boʻyicha tizimli muloqotni yoʻlga qoʻyish zarurligini ham eʼtirof etishdi. Bundan tashqari, hududlar oʻrtasida fan va taʼlim, texnologiyalar va innovatsiyalar borasidagi hamkorlikning samarali mexanizmlarini ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratildi.

Sammitda qizgʻin muhokama etilgan yana bir mavzu — yoshlar masalasi sanaladi. Aytish lozim, bugungi kunda Turkiy Davlatlar Tashkilotiga aʼzo mamlakatlarda 170 millionga yaqin aholi istiqomat qilsa, ushbu raqamning deyarli 40 foizini yoshlar tashkil etadi. Bu esa aʼzo mamlakatlar yoshlar masalasiga hamjihatlikda alohida eʼtibor qaratishi lozimligini koʻrsatadi. Shu bois, kelgusi yili yurtimizda Turkiy dunyo yoshlarining ilm va innovatsiyalar xalqaro kongressini oʻtkazishga kelishib olindi. Uning doirasida innovatsiya va taʼlim vazirlari, oliygohlar rektorlari va yosh yetakchilar, iqtidorli oʻgʻil-qizlar keng qamrovli uchrashuvlarini tashkil etish koʻzda tutilgan. Mamlakatimiz yetakchisi bu borada yana bir taklif, yaʼni  Tashkilot Bosh kotibining Yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimini joriy etish masalasini ilgari surdi. Bu albatta, tashkilot doirasida yoshlarga oid xalqaro hamkorlikni tizimli amalga oshirishga zamin yaratadi. 

Davlatimiz Rahbari shuningdek, Tashkilot makonida oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishning samarali mexanizmlarini shakllantirish boʻyicha bitim tuzish va ushbu hujjat orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligiga alohida urgʻu berdi.

Sammit doirasida 10 dan ortiq hujjat, xususan Turkiy Davlatlar Tashkiloti Samarqand sammiti Deklaratsiyasi, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish toʻgʻrisidagi Naxichevan Bitimiga Protokol, Turkiy Investitsion Fondni qisqa muddatlarda tuzish toʻgʻrisidagi Qaror, Bojxona koridorlarini soddalashtirish toʻgʻrisidagi bitim kabilar tuzilganligini alohida taʼkidlash kerak. Shu bilan birga, Aralash transport vositalarida yuk tashish toʻgʻrisidagi bitim,  Turkiy davlatlar tashkilotining 2022-2026-yillarga moʻljallangan Strategiyasini va Savdo tartiblarini soddalashtirish Strategiyasini qabul qilish toʻgʻrisidagi qarorlar ham qabul qilindi.

Eng muhimi, mamlakatlar yetakchilari tomonidan davlatimiz Rahbarining yana bir tashabbusi — 2023-yilni Turkiy sivilizatsiyaning yuksalishi yili, deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi taklifi ham bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi. Qozogʻiston Respublikasining taklifiga koʻra, Tashkilotning navbatdagi sammitini 2023-yilda Qozogʻistonda oʻtkazishga qaror qilindi. 

Qayd etish lozim, Tashkilot doirasida bugungi kunning yana bir dolzarb masalasi — ekologiya muammolariga alohida urgʻu qaratilgani muhim ahamiyat kasb etdi. Aytish kerakki, turk xalqlarida daraxt ekish sharqona tarbiyaning ajralmas qismi sanaladi. Shu maʼnoda aʼzo davlatlar yetakchilarining Registon maydonida daraxt ekib, bogʻ barpo etgani turkona mushtarak intilishlarning timsoliga aylandi.

 “Turkiy dunyomizning havas qilsa arziydigan buyuk tarixi, ulugʻ ajdodlari va beqiyos boyliklari bor. Va men ishonaman, turkiy dunyoni buyuk kelajak kutmoqda. Bu kelajakni, hech shubhasiz, mehnatkash, bagʻrikeng va olijanob xalqlarimiz bilan birgalikda yaratamiz”, deya taʼkidladi mamlakatimiz Rahbari sammitdagi nutqida.

Albatta, turk xalqarining kelajagi avvalo, yoshlar qoʻlida. Yosh avlod Tashkilotning ahamiyati va dolzarbligini nechogʻli chuqur anglasa, davlatlarimiz oʻrtasida turli sohalardagi yanada faol hamkorlik qardosh xalqlar bilan mushtaraklikdagi yangi sivilizatsiyani yaratishga yoʻl ochadi.   

 

Baxtiyor MARDONOV,

Navoiy davlat konchilik va

texnologiyalar universiteti rektori,

 professor