Yangiliklar

11 NOYABR – KASABA UYUSHMALARI KUNI!


Har bir odam — eʼtiborga muhtoj. Inson maʼlum bir mehnat jamoasida ishlar ekan baʼzan ish masʼuliyati bilan qorishgan turmush mashaqqatlari kishini tashvishlarga duchor qiladi. Mana shunday fursatda belni mahkam bogʻlab, atrofingdagi kishilar ham senga moddiy-maʼnaviy suyanchiq boʻla olsa oʻzingni dadil his etasan!

600 nafardan ortiq mehnat jamoasiga ega hamda 8 ming nafardan ortiq talaba tahsil olayotgan Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti va bu yerdagi ishchi-xodimlar manfaatini koʻzlab ish olib borayotgan 5-Sonli birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi faoliyati yuzasidan ham ana shunday ijobiy fikr bildirish mumkin.

Taʼkidlash kerakki, qoʻmita faoliyati avvalo Navoiy kon-metallurgiya kombinati Kasaba uyushmasi kengashi rahbariyatining doimiy diqqat eʼtiborida boʻlib, har bir yaratib berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlarda bu jihat muhim oʻrin tutadi. Jumladan, oliygoh xodimlariga NKMK qarashli 27-sonli TSQda statsionar davolanishga ruxsat berilishi bunga bir misol boʻladi. Bugungi kunda qoʻmita faoliyati universitet rahbariyati bilan kelishilgan va tasdiqlangan har yillik ish reja asosida olib borilmoqda. Ushbu rejada belgilangan tadbirlar jamoa bilan birgalikda oʻtkazilishi taʼminlanayapti. Qolaversa, kombinat tomonidan sihatgohlarga berilayotgan barcha yoʻllanmalar oʻz vaqtida xodimlar buyurtmasiga asosan taqdim etilib kelinmoqda. Shu bilan birgalikda xodimlar farzandlarining har biriga yangi yil sovgʻalari uchun hamda dam olish oromgohlariga yoʻllanmalar berilishi ham tashkil etilib kelinmoqda.

Uyushma qoʻmitasi aʼzolari va ular oila aʼzolarining dam olish va davolanish maskanlariga yuborilish statistikasini koʻrib chiqadigan boʻlsak, 2021-yilda bu raqam jami 129 nafar kishini tashkil etgan boʻlsa, joriy yilning oʻtgan davrida 130 nafar kishining salomatligi tiklandi. Yil yakunigacha jami 160 nafar xodimlar davolanishi va dam olishiga erishish belgilangan. Ishchi-xodimlar farzandlarini oromgohlarga joʻnatish boʻyicha esa oʻtgan yili 92 nafar bolajonlar salomatligini mustahkamlagan boʻlsa, joriy yilda bu raqam 110 nafarni tashkil etayapti.

Kasaba uyushmasi kuni

Yana bir muhim yoʻnalish — ichki turizmni rivojlantirish maqdadida Nurota tumani hamda Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlari alohida tanlab olingan boʻlib, yil davomida deyarli barcha xodimlarni ushbu sayohatlarga jalb etish yuzasidan tegishli vazifalar olib borilmoqda.

  Oʻtgan hafta universitetda “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida hashar uyushtirildi, — deydi biz bilan suhbatda qoʻmita raisi Sharofjon Babayev. — “Dolzarb 40 kunlik” davomida jami hududi 19 gektarni tashkil etgan universitet boʻylab 12 ming tup daraxt oʻtqazildi. Hashar tadbirlari bevosita qoʻmita tomonidan tashkil etildi. Shuningdek, biz eʼtibor qaratayotgan yana bir yoʻnalish kam taʼminlangan, moddiy ehtiyojmand xodimlarni qoʻllab-quvvatlash, yubiley yoshlarini nishonlayotgan aʼzolarni pul mukofotlari bilan taqdirlash sanaladi. Joriy yilda shuningdek, qoʻmita  tomonidan universitetda tuzilgan 10 ta sport jamoasiga sport formalari, tennis, futbol, voleybol, basketbol, regbi sport anjomlari xarid qilindi. Yil yakuniga qadar bu boradagi qoʻllab-quvvatlash ishlari davom ettiriladi. Shu bilan birga, talabalar turar joyida bayram dasturxonlari  tashkil etish, kasb bayramlarini nishonlash kabi tadbirlarda ham qoʻmita doimo faol boʻlib kelayapti.

Kasaba uyushmasi kuni

Darhaqiqat, Davlatimiz Rahbari Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 11-noyabr sanasida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari xodimlari va faollariga yoʻllagan tabrigida “Jonajon Vatanimiz oʻz taraqqiyotining hal qiluvchi bosqichiga kirayotgan, inson qadri, huquq va manfaatlarini taʼminlash barcha sohalarda biz uchun bosh maqsadga aylanayotgan hozirgi paytda hayotning oʻzi butun xalqimiz kabi kasaba uyushmalari oldiga ham ulkan vazifalarni qoʻymoqda” deya taʼkidlab oʻtgan edi.

Albatta, ayni shu me’zon asosida belni mahkam bogʻlab jadal tashabbus va loyihalar ustida ish olib borayotgan kasaba uyushmalari oʻz zimmasidagi sharafli vazifani joylarda samarali oqlamoqda, deyish mumkin.  

 

Ozod MUSTAFOYEV,

NDKTU matbuot kotibi