YURTIMIZNING BIR GURUH TANIQLI ZIYOLILARI UNIVERSITET MEHMONI BOʻLDI
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida yurtimizning bir guruh taniqli ijodkorlari, xususan, Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Gʻayrat Majid, taniqli shoira Zulfiya Moʻminova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Azim Mullaxonov, Bohodir Nishonov, Dilfuza Rahimova va boshqalar bilan ijodiy uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Mazkur tadbir Navoiy viloyati mezbonlik qilayotgan “Madaniyat karvoni” hamda “Maʼnaviyat festivali” doirasida boʻlib oʻtdi. Tadbir davomida ijodkorlar soʻzga chiqib, hayotiy oʻgitlar asosida yoshlarga chuqur bilim olishning nechogʻli muhimligi haqida maslahatlar berishdi. Jarayonda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetiga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan bir qator kitoblar sovgʻa qilindi. Elimiz suygan sanʼatkorlarning qoʻshiqlari davraga yanada fayz kiritdi.
— Festival doirasidagi uchrashuvlarda koʻp bora taʼkidlanayotgan mavzulardan biri bu ona tili masalasi sanaladi, — deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari, shoir Gʻayrat Majid. — Til bu bizning jonimiz, ruhimiz. Sogʻuniy hazrat aytganlaridek, tilsiz millat sifatida yoʻq boʻlish hech gap emas. Shuning uchun yoshlar qalbida tilga nisbatan mehrni yanada yuksaltirishimiz kerak. “Navoiy mening bobom”, “Beruniy mening bobom” deyishning oʻzi kamlik qiladi. Ularga munosib boʻlish uchun har bir sohada chuqur ilm egallashimiz lozim. Darhaqiqat, har bir ijodkor uchun yangi sheʼrlar, yangi qoʻshiqlar avvalo turli insonlar bilan muloqot jarayonida paydo boʻladi. Bir necha kundan buyon Qizilqumning chekka ovullarida, viloyatning bir qaror tumanlarida boʻlib, sheʼriyatda, sanʼatda talanti yuqori boʻlgan kishilarni, ayniqsa yoshlarni kashf etayapmiz. Bu kabi uchrashuvlarning samarasi ham ana shunda.
— Oila jamiyatning, davlatning, siyosatning poydevori, — deydi falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova. — Festivalning asosiy maqsadlaridan biri ham joylarda, mahallalarda oilalar bilan uchrashish, ularning ahvoli bilan yaqindan tanishish, jonli muloqot olib borish, ziyo tarqatishdir! Oilada ota-ona kitob oʻqisa farzand ham albatta, kitobxon boʻladi. Qoʻlni-qoʻlga berib, bir-birimizdan kuch olaylik aziz, yoshlar. Ana shunda yagona xalq sifatida Uchinchi Renessansga qoʻygan qadamimiz bardavom boʻladi, oldimizdagi barcha maqsadlarga erishamiz!
Eslatib oʻtamiz, mazkur festivalda poytaxtdan tashrif buyurgan 150 nafardan ortiq ziyolilar, olimlar, ijodkorlar, taniqli sanʼatkorlar viloyatning barcha hududida boʻlib, odamlar bilan yuzma-yuz muloqot olib borishdi.
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti Axborot xizmati