Yangiliklar

“MАRD OʼGʼLON”NING OTАSI: “FАRZАNDING YUTUGʼINI KOʼRISHDАN ORTIQ BАXT YOʼQ DUNYODА!”


Bugun Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining bir guruh vakillari “Mard oʼgʼlon” davlat mukofotiga erishgan oliygoh yosh olimi, nurotalik Oybek Qurbonov xonadonida boʼlib, pedagogning ota-onasiga “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” АJ Bosh direktori Quvondiq Sanaqulovning tashakkurnomasi topshirildi.

 Xususan, Konchilik fakulteti KEM kafedrasi mudiri А.Mahmudov, Magistratura boʼlimi boshligʼi B.Toshov va Konchilik fakulteti dekani oʼrinbosari B.Soliyevlar yuksak davlat mukofoti bilan mezbonlarni qutlashar ekan, dildan suhbat asnosida fidoyi ota-onaning samimiy sevinchiga guvoh boʼlishdi.

Yosh pedagogning otasi Muhammatqul Qurbonov Quyi Zarafshon nasos stansiyalari tizimida uzoq yil ishlab, bugungi kunda nafaqa gashtini surmoqda.Turmush oʼrtogʼi bilan birga besh nafar farzandni voyaga yetkazib, ularning har birini yurt koriga kamarbasta qilib tarbiyalagan onaxon, faxriy pedagog Barno aya Narziyeva bugun ham nabiralar tarbiyasi bilan band.

 — Ota-ona uchun farzandning yutugʼini koʼrishdan ortiq baxt yoʼq dunyoda, — deydi Muhammatqul ota. — Bu Yurtboshimizning yosh avlodga samimiy gʼamxoʼrligi va yuksak eʼtibori ifodasi!

 Eslatib oʼtamiz, kuni kecha davlatimiz Rahbarining tegishli qarori va farmoni bilan navoiylik yoshlar orasidan Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining konchilik fakulteti oʻqituvchisi Qurbonov Oybek Muhammatqulovich, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Navoiy boʻlimi tayanch doktoranti Babayev Mirdodojon Sharofjon oʻgʻli “Mard oʻgʻlon” davlat mukofotlari, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining Gidrometallurgiya zavodi sianlash va sorbsiya sexi boshligʻi Quvondiqov Ulugʻbek Gʻayrat oʻgʻli va “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatining Polivinilxlorid ishlab chiqarish, kaustik soda va metanol majmuasi sex smena muhandisi Sharipova Mahliyo Esan qizi “Kelajak bunyodkori” medallariga erishdilar!

 Joylarda davlat mukofotiga loyiq ko’rilgan yoshlar va ularning ota-onalarini qutlash qizgʼin davom etmoqda.

 

 

Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti Аxborot xizmati.