Yangiliklar

MUNOSABAT!


IKKI MINTAQA DAVLATLARINING DO‘STONA MUNOSABATLARI QAYTA TIKLANMOQDA

 

Davlatlar o‘rtasida tarixan yaqin va do‘stona aloqalarni, ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni ikki mintaqa xalqlari va mamlakatlari manfaatlari yo‘lida ilm-fan, savdo-sotiq va madaniyat borasida do‘stona munosabatda bo‘lib kelgan Markaziy va Janubiy Osiyo xalqlari bugungi kunda Buyuk ipak yo‘li va boshqa yo‘llar orqali yaqin qo‘shnichilik aloqalarini qaytadan tiklamoqda. 2021 yilning 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoev tashabbusi bilan tashkil etilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya mazkur ikki mintaqada yashab kelayotgan ikki milliarddan ortiq insonlar turmush tarzi farovonligini yuksaltirishda yangi qadamlar tashlanishiga asos bo‘ldi.

Aslida bu ikki mintaqa xalqlari tarixan ildizi tutash, qadriyatlari g‘oyat uyqash, ma’naviyati, adabiyoti o‘xshash muhitda yashagan. Afsuski, Prezidentimiz o‘z nuqtida ta’kidlaganidek, tarixiy vaziyat taqozosi bilan XIX asrda mintaqalarimiz aloqalari uzilib qoldi. Ziddiyatlar kuchayib,  keskin mojarolarga aylanishi tufayli Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida to‘siqlar paydo bo‘lib, chegaralar yopildi.

Keyingi yillarda davlatimizda olib borayotgan oqilona siyosat provardida O‘zbekistonning tinchlikparvar, bag‘rikenglik va hamdo‘stlik munosabatlarida bo‘y ko‘rsatib borayotgan ijobiy o‘zgarishlari uning dunyo hamjamiyatidagi o‘rnini tobora mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatmoqda. Prezidentimizning taklif va tashabbuslari bilan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro va ko‘p tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlashga, mintaqalar o‘rtasidagi samimiy munosabatlarni yangicha ruhda, yangi bosqichda davom ettirishda katta imkoniyatlar eshiklari ochilmoqda.

Bu qo‘shni davlatlar oliy ta’lim muassasalari bilan ta’lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirishda ustuvor ahamiyat kasb etadi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, YOshlar – bizning bebaho boyligimiz ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz. Mamlakatlarimiz va xalqlarimizning taqdiri va kelajagi – aynan yosh avlodning qanday ta’lim va tarbiya olishi, ular uchun qanday shart-sharoit va “sotsial lift”larni yaratib berishimizga bevosita bog‘liq. Bu borada biz olimlar zimmasida ham katta amaliy ishlar qilish mas’uliyati turibdi.

Muxtasar qilib aytganda, ochiq va samimiy muloqotlar natijasida mintaqamizda o‘zaro ishonch va bir-birini qo‘llab-quvvatlash ruhiga asoslangan mutlaqo yangi muhit shakllangani mamlakatimiz taraqqiyoti uchun muhim omil bo‘lib qoladi.

Baxtiyor MARDONOV,

Navoiy davlat konchilik instituti

prorektori