Yangiliklar

VAQT — BU IMKONIYATLAR KALITIDIR


Hayotni sevsang, vaqtni boy berma, chunki vaqtdan hayot yaraladi, degan ekan faylasuflardan biri. Inson uchun eng qimmatli narsa vaqt va bu ayni haqiqatdir. Yo‘qotilgan har qanday narsani, masalan boylik, amal yoki uy-joyni topish mumkin, lekin o‘tgan vaqtni topish yoki orqaga qaytarishning iloji yo‘q. Shunday ekan, vaqtning har bir daqiqasidan unumli foydalanmog‘imiz lozim.

Inson o‘z kuchi, imkoniyatlariga isho­nib, orzulariga yetish yo‘llarini izlab yashaydi. Buning uchun unga ma’lum vaqt kerak, vaqt esa har doim yetishmaydi. Yoshlarda orzularini ro‘yobga chiqarish, ularga tezroq erishish uchun imkoniyatlar bor. Lekin bu intilishlar samarali bo‘lmasa, vaqt o‘tgani sezilmay qoladi, kunlar ketidan kunlar, oylar ketidan oylar o‘tadi. Shu tariqa ba’zilar yoshi bir joyga borgach, umrim besamar, izsiz o‘tdi, degan afsus-nadomat chekadilar.

Globallashuv dunyoni o‘zgartirmoqda. Yangi-yangi kashfiyotlar insonning yashash tarziga ham ijobiy, ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Kim o‘z ustida ishlamasa, hayotdan orqada qolmoqda va bu o‘z navbatida vaqtning bekorga yo‘qolishiga olib kelayapti.

Vaqt tushunchasini talabalar hayoti, amaliy faoliyatining xronometraji tarzida talqin qilib ko‘raylik. U bir kunda, haftada qanday ishlar bilan shug‘ullanadi, ularga qancha vaqt sarflaydi? Buni uyqu, ertalabki jismoniy tarbiya mashqlari, nonushta, yo‘l, darsga qatnashish, tushlik, kechki ovqatlanish, ota-ona va oilaning boshqa a’zolari bilan muloqot, dars tayyorlash, uy ishlari, kitob, gazeta va jurnallar o‘qish, sport bilan shug‘ullanish, jamoat ishlari, kino, teatr, konsert, muzeylarga borish, televizor ko‘rish, internetdan foydalanish, do‘stlar bilan uchrashish, bozor va hokazolarga qancha vaqt sarflashi, qachon va qanday dam olish orqali aniqlash mumkin. Bu muam­moning to‘la yechimi bo‘lmasa-da, har holda yoshlarning vaqtdan unumli foyda­lanishi haqida muayyan tasavvur uyg‘otadi.

Bugungi kunda o‘z sohasida katta yutuqlarga erishgan taniqli insonlar hayoti va faoliyati tahlillari, ular muvaffaqiyatining asosiy kalitlaridan biri — bu vaqtni to‘g‘ri taqsimlay olganliklarida ekanligini ko‘rsatmoqda. Dunyoning katta muvaffaqiyatga erishgan ishbilarmonlari o‘z vaqtini kelajakda ularga foyda keltiradigan ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlarini o‘rganishga sarflashadi, faoliyatini yanada kengaytirishga kafolat bo‘la oladigan barcha yangiliklarga sarmoya tikishadi. Muvaffaqiyatlar darhol sezilmasligi mumkin, uzoq muddatli sarmoyalar samarasi o‘laroq, oxir-oqibat, misli ko‘rilmagan cho‘qqilarni zabt etishadi.

Olimlarning ilmiy izlanishlari natijasida to‘g‘ri taqsimlangan vaqt katta daromad (daromad deb erishilgan yutuqlar, natijalar nazarda tutilmoqda) keltiradi. Shundan kelib chiqqan holda, uni daromadli vaqt deb atab va har kuni samarasiz o‘tayotgan umrni — vaqtni oddiy vaqt deb belgilasak, jadvalda ko‘rsatilganidek, vaqtimizni qanday sarfla­shimizga qarab ishda qanday natijalarga erishi­shimizni yaqqol ko‘rsatib bersa bo‘ladi.

Qadimgi Rim faylasufi Seneka aytganidek, bu dunyoda vaqtdan tashqari boshqa hech narsa bizniki emas, faqat vaqt bizniki. Ushbu vaqtni hayotiy maqsadga sarflay olishdan murakkab, mashaqqatli, ammo olijanob mashg‘ulot yo‘q. Rivojlanish, olimlarning fikricha, inson vaqtini tejab oldinga intilishi demakdir. Buning uchun u g‘ildirakni o‘ylab topdi, so‘ng aravani, undan keyin avtomobil, poyezd va samolyotni yaratdi. Maktub o‘rniga telegramma va telefon, teatr o‘rniga televizorni kashf etdi. Kompyuterlar, zamonaviy savdo markazlari, turli elektr jihozlari – bularning hammasi inson vaqtini tejashga qaratilgan.

Shunga qaramay, odamlar hamon vaqt yetishmasligidan noliydi. Do‘stlar, qarindoshlar bilan diydorlashishga fursat topilmaydi. Kuzgi barglarning shitirlab tu­shishini va ko‘klamda beg‘ubor osmonni kuzatib zavq olish, tug‘ishganlari holidan xabar ­olish, vaqti-vaqtida o‘tganlar qabrini ziyorat qilib, abadiy makon to‘g‘risida o‘y surishga vaqt yo‘q. Maktab o‘quvchisi-yu talaba, o‘rta yoshli-yu keksalar, ishchiyu ishsizda vaqt yo‘q. Vaqt qayergadir ketyapti, u bilan birga umr ham daryo misoli o‘tmoqda. Soatlar va daqiqalar yo‘qotilmoqda. Vaqt ikki ming yil avval qanday bo‘lsa, xuddi shunday davom etmoqda. Alloma Seneka, hayotimizning ko‘p qismini xatolar va axmoqona ishlarga sarflaymiz, muhim davrlar harakatsizlikda o‘tadi, hayotimizda deyarli keraksiz bo‘lgan ishlar bilan shug‘ullanamiz, deb ta’kidlaganida haq edi.

Albatta, o‘tgan ikki ming yilda vaqt to‘g‘risida ko‘plab tadqiqotlar olib borildi va uning yangi-yangi qirralari ochildi. Bo‘sh vaqt, fizik vaqt, kosmik vaqt va boshqalar, vaqtni tejash va undan to‘g‘ri foydalanish to‘g‘risida ilmiy-tadqiqot ishlari e’lon qilindi. Ular natijasidan ma’lumki, vaqtni orqaga qaytarib, qayergadir as­rab, olib qo‘yib bo‘lmaydi, kerak payti olib bo‘lmaydi.

Muvaffaqiyatlarga erishgan mashhur insonlarning o‘rnak olsa arzigulik o‘ziga xos tartiblari bo‘lgan. Shu o‘rinda yoshla­rimiz uchun hayot yo‘lida foyda keltirishi mumkin bo‘lgan va sinovdan o‘tgan muhim tavsiyalarni sanab o‘tishjoiz.Birinchisi, kundalik tutish. Jahonga mashhur va o‘z sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishgan Lev Tolstoy, Benjamin Franklin, Stiv Jobs, Otto Shmidtlar shaxsiy kundalik yuritishgan. Benjamin Franklin – siyosiy arbob, diplomat, olim, ixtirochi. U har tongda o‘ziga-o‘zi shunday savol bergan: “Bugun qanday yaxshi ish qilishim kerak?” Kechqurun esa o‘z kunini “Bugun kanday yaxshi ish qila oldim?” degan savol bilan tugallagan. Stiv Jobs ko‘zgu oldida turib, “Agar bugungi kun hayotimdagi ­oxi­r­gi kunim bo‘lganida bajarishni rejalashtirgan ishlarimniqilarmidim?” deya qiziqqan.

XX asrning menejment masalalari bo‘yicha eng mashhur olimi Piter Druker qaror qabul qilayotib, bundan nimalar kutayotganini yozib borgan, bir necha oydan keyin esa ularni amaldagi natijalar bilan taqqoslagan. Albert Eynshteyn o‘zidan keyin 80 mingdan ortiq sahifali turli qo‘l­yozmalarni qoldirgan. AQShning ikkinchi prezidenti Jon Adams butun hayoti davomida kundalik tutgan. Umri oxiriga borib ularning soni 50 taga yetgan. Kundalik tutib, fikrlar, rejalar va hayotdagi voqyealar yozib borilsa, inson yanada e’tiborli va ziyrak bo‘lib boradi, fikrlash xususiyati rivojlanadi va to‘g‘ri qaror qabulqilishnio‘rganadi.Ikkinchisi, tanaffus qilib, uxlab olish. “Mizg‘ib olish uchun bir yoki bir yarim soatlik uyqu ma’lumotni o‘zlashtirish xususiyatiga xuddi sakkiz soatlik uyqu kabi ta’sir ko‘rsatadi”, deya ta’kidlaydi uyquni o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis Sara Mednik. Olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra, o‘quvchilar kun davomida bir soatlik tanaffus qilib, uxlab olsa, kechki payt nazorat testlarini 30 foizga yaxshi bajarishi isbotlangan. Bu odat Albert Eynshteyn, Tomas Edison, Uinston Cherchill, Jon Kennedi, Ronald Reygan, Jon Rokfeller va boshqa ko‘plab mashhur shaxslarga xos bo‘lgan. Masalan, Leonardo da Vinchi uyquni bir necha 10 daqiqalarga “maydalab”, yarim fazali uyqu rejimini tajriba qilgan. Napoleon Bonapart har bir jang oldidan uxlab olishni ma’qul ko‘rgan. Mashhur aktyor Arnold Shvarsneggerning har kuni tushlikdan keyin uxlash odati bo‘lgan.

Zamonaviy ilm-fan bu odatlarning foydasini tasdiqlaydi. Tanaffuslar nafaqat samaradorlikni oshiradi, balki ijodiy fikrlash salohiyatini ham rivojlantiradi. Ehtimol, shuning uchun ham Salvador Dali va Edgar Allan Po bu usuldan unumli foydalangandir!?

Uchinchisi, kuniga kamida 15 daqiqa piyoda yurish. Muvaffaqiyatga erishgan mashhur odamlar o‘z kun tartibida, albatta, sport bilan shug‘ullanishga vaqt ajratishgan. Piyoda sayr ham ajoyib mashq bo‘lishi mumkinligini to‘la anglab yetganlar. Charlz Darvin kuniga ikki mahal sayr qilgan, peshinga yaqin va soat 16:00 da. Bet­xoven tushlikdan so‘ng uzoq sayrga chiqqan va ilhomi kelib qolsa, qog‘ozga muhrlash maqsadida o‘zi bilan birga qalam hamda qog‘oz olib yurgan. Charlz Dikkens kuniga 10 kilometrdan ortiq piyoda yurgan. Bu uning ishga ko‘milib, toliqib qolmasligiga yordam bergan. Stiv Jobsning muhim uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida piyoda sayr qilish odati bo‘lgan.

Fridrix Nitsshe “Faqat sayr vaqtida kelgan g‘oyalargina qadrli bo‘ladi”, deb yozib qoldirgan. Uzoq sayrlarning foydasini yaxshi bilgan shaxslar orasida Aristotel, Mahatma Gandi, Jek Dorsi, Tori Byorch, Hovard Shuls, Oliver Saks va Uinston Cherchill nomlarini keltirish mumkin. Bu odatni o‘zlashtirish kerak. Olimlar sayrning kishini tetiklashtirishi, miyani faollashtirishi, ijodiy salohiyatni oshirishi va hatto umrni uzaytirishini tasdiqlashadi. Kuniga 15 daqiqadan piyoda yurgan 65 yoshdan katta kishilarda o‘lim ko‘rsatkichi 22 foizdan past bo‘lgan.

To‘rtinchisi, ko‘p kitob o‘qish. Uinston Cherchill kuniga bir necha soat biografik, tarixiy, iqtisodiy va falsafaga oid kitoblarni mutolaa qilgan. Teodor Ruzvelt band kunlari bittadan va ishdan bo‘sh kunlari 2-3 tadan kitob o‘qigan. Bugungi kunda dunyoning eng badavlat kishilaridan biri bo‘lgan Bill Geyts yiliga 50 kitob mutolaa qiladi. Sarmoyachi Uorren Baffet esa 80 foiz vaqtini kitob o‘qishga sarflaydi. Bu o‘z bilim darajasini oshirishning tejamkor va juda samarali usulidir. Mark Kyuban kuniga 3 soatdan ortiq kitob o‘qiydi. Milliarder Devid Rubenshteyn haftasiga 6 tadan kitob o‘qiydi. Ilon Mask yoshligida kuniga 2 tadan kitob o‘qigan. “Disney” kompaniyasi bosh direktori bo‘lgan Bob Ayger esa har kuni tonggi 4:30 da kitob o‘qish uchun uyg‘ongan. O‘qish xotirani yaxshilaydi, empatiya darajasini oshiradi va stress darajasini kamaytiradi. Shu tariqa oldimizga qo‘yilgan maqsadlarimizga erishishga yordam beradi.

Beshinchisi, tajriba qilishdan qo‘rqmaslik. Qanday muhim fazilatlar egasi bo‘lishimizga qaramay, har birimiz xatoga yo‘l qo‘yamiz va bunga haqqimiz bor. Ularni kelgusida sizga foydasi tegishi mumkin bo‘lgan tajriba deb hisoblang. Muvaffaqiyat to‘g‘ridan-to‘g‘ri siz tomoningizdan o‘tkazilgan tajribalar soniga bog‘liq. Bir yutuq barcha muvaffaqiyatsiz urinishla­ringizni “yuvib ketadi”. Tomas Edison ishqorli akkumulyatorni ixtiro qilgunga qadar 50 mingdan ortiq muvaffaqiyatsiz tajribalar o‘tkazgan. Mukammal lampani yaratish uchun esa 9 mingdan ortiq muvaffaqiyatsiz tajriba olib borishiga to‘g‘ri kelgan. Shunday bo‘lsa-da, umrining oxiriga borib Edison 1100 patentga egalik qilgan.

Tajribadan kelib shuni ta’kidlab o‘tish joizki, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ham har bir yangi ilmiy yutuqlarimizning zamirida tajribalar turibdi. Jumladan, kombinat mutaxassislari va olimlarimiz tomonidan Uchquduq konlaridagi tarkibida oltin bo‘lgan, qayta ishlanishi qiyin sulfidli rudalardan oltin ajratib olish usuli mavzusida olib borilgan ilmiy izlanishlar jarayonida uch mingdan ziyod muvaffaqiyatli hamda muvaffaqiyatsiz tajribalar o‘tkazildi. Natijada, bi­rinchidan, O‘zbekiston Intellektual mulk agentligidan patent olindi. Mazkur ixtiro BMTning Butunjahon Intellektual mulk tashkiloti tomonidan tan olinib, oltin medal bilan taqdirlandi. Ikkinchidan, mazkur texnologiya ishlab chiqarishga joriy eti­lishi natijasida oltin olish hajmining sezi­larli ravishda oshishiga olib keldi.

Faylasuf va shoir Ralf Uoldo Emersonning “Hayot — boshidan oxirigacha tajriba. Tajriba qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi”, degan ajoyib iborasi bor. Ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun vaqtni to‘g‘ri taqsimlash kerak. Agar uni kelgusida o‘zingiz­ga foyda keltirishi mumkin bo‘lgan ishlarga sarflasangiz, muvaffaqiyatga erishish ehtimoli yuqori bo‘ladi, kutilgan hamma yutuqlar kafolatlanadi. Har bir narsa­ning o‘z vaqti bor, agar u vaqt boy berilsa, yo‘qotishlar ko‘payadi. Shuning uchun ham dono xalqimiz vaqtga e’tiborli bo‘lishni ta’kidlab, har bir ishning vaqti bor, vaqt bilganning baxti yor, deb bekorga aytmagan.

Yoshlik yillarida vaqt bekorga o‘tkazilsa, bilim olish fursati ham boy beriladi. Bugungi kunimiz ertaga tarixga aylanadi. Tarix zarvaraqlarida esa har bir insonning o‘z xalqi uchun qilgan xizmatlari, saodatli ishlari manguga muhrlanadi. Hozirgi kunda Qizilqum bag‘ridagi, tabiatning insonlarga tuhfa etgan boyliklarini o‘zlashtirishda kombinat konchilari ichida mangulikka daxldor ishlar qilayotgan hamkasblarimiz juda ham ko‘p.

Qadrli yoshlar, maqolada qayd etilgan fikrlardan o‘zingizga kerakli xulosalar chiqarib, Yaratgan sizga in’om etgan vaqtdan unumli foydalanishingizga ishonaman. Yana takror aytaman: oltindan qimmat vaq­tingizni qadrlang, also behuda sarflamang.

 

Quvondiq SANAQULOV, texnika fanlari doktori, professor