Yangiliklar

“YANGI O‘ZBEKISTONNING ISTE’DODLI YOSHLARI” NOMLI 2021-YILNING ENG YAXSHI MAQOLASI TANLOVI G‘OLIBLARI


O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida iqtidorli yoshlarni qo‘llab quvvatlash maqsadida talabalar, doktorantlar va tadqiqotchilar o‘rtasida o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekistonning iste’dodli yoshlari” nomli 2-kitob taqdimoti va “Yangi O‘zbekistonning iste’dodli yoshlari” nomli 2021 yilning eng yaxshi maqolasi tanlovi g‘oliblari bilan Navoiy davlat konchilik institutida talabalar, doktorant va tadqiqotchilar ishtirokida master klass o‘tkazildi. Tadbirni ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori T.I.Nurmurodov kirish so‘zi bilan ochib berdi va Talabalarning ilmiy tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘yicha to‘xtaldi. “Yangi O‘zbekistonning iste’dodli yoshlari” nomli 2-kitob taqdimoti va “Yangi O‘zbekistonning iste’dodli yoshlari” nomli 2021 yilning eng yaxshi maqolasi tanlovi g‘oliblarini yig‘ilganlarga tanishtirdi.

Shuningdek, “Kimyoviy texnologiya” kafedrasi mudiri t.f.d. H.M.Vapoev so‘zga chiqib, g‘oliblarni tabriklab, yig‘ilganlarga iqtidorli talabalarning Respublika va xalqaro miqyosda o‘tkaziladigan anjumanlarda, fan olimpiadalari va tanlovlarda ishtirok etishlari bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi.

“Kimyoviy texnologiya” kafedrasi professori F.E.Umirov so‘zga chiqib, yosh iqtidorlarga ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarishlarida ahamiyat berishlari lozim bo‘lgan jihatlar haqida gapirib o‘tdi.

Tanlov g‘olibi, NavDKI texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori B.Tolibov so‘zga chiqib, tanlovdagi ishtiroki, erishgan natijalari haqida quyidagilarni gapirib o‘tdi. “Yangi O‘zbekistonning iste’dodli yoshlari” nomli 2-kitobiga respublikadagi oliy ta’lim muassasalarining magistratura, bakalavriat bosqichlarida ta’lim olayotgan iste’dodli yoshlar, doktorantlar, shuningdek, vazirlik va idoralarda o‘z faoliyati bilan bir qatorda izlanishlar olib borayotgan yosh olimlarning ilmiy tadqiqotlari natijalari jamlanganligini va har bir yosh tadqiqotchida shu tanlovda ishtirok etish imkoniyati bo‘lganligini aytib o‘tdi. Yosh olim, seminarda yig‘ilgan talabalar tomonidan ilmiy tadqiqotga kirish, maqola yozishda nimalarni inobatga olish kerak, maqola qanday yoziladi kabi savollariga o‘zining taqdimotida batafsil tushuntirib berdi.

Tanlovning yana bir g‘olibi, Konchilik fakulteti 11B-17 FQGR guruhi talabasi N.K.Xoliqnazarov so‘zga chiqib, “Yangi O‘zbekistonning iste’dodli yoshlari” nomli 2021 yilning eng yaxshi maqolasi tanlovida ishtiroki, olgan taassurotlarini yig‘ilganlar bilan bo‘lishdi.

Iqtidorli talabalar tanlov g‘oliblari tomonidan berilgan tavsiyalarni qiziqish bilan tinglashdi.