Yangiliklar

Abdulla Oripov sheʼriyatida ona tilimiz tarannumi


Abdulla Oripov adabiyot ahliga boy adabiy meros qoldirdi. Zamonaviy o‘zbek sheʼriyati haqida so‘z aytilar ekan, Abdulla Oripov nomini shaksiz tilga olamiz. Ulug‘ shoirimizning italyan shoiri Aligyeri Dantening “Ilohiy komediya”si, A.Pushkin, L.Ukrainka, T.Shevchenko, Q.Quliyev va boshqalar ijodidan o‘girgan tarjimalari ham adabiy xazinamizni boyitdi. Yaqinda onlayn shaklda o‘tkazilgan tadbirda Abdulla Oripovning sheʼriyatida o‘zbek tilining ulug‘ligi va o‘ziga xos jihatlari haqida so‘z yuritildi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati tashabbusi bilan Navoiy davlat konchilik instituti hamkorligida “Abdulla Oripov sheʼriyatida o‘zbek tilining jozibadorligi” mavzusida ZOOM orqali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda kombinat ishchi-xodimlari, Navoiy davlat konchilik instituti va Navoiy davlat pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etishdi.

Tadbirni kirish so‘zi bilan ochgan kombinat bosh direktorining maslahatchisi Xolmamat Raupov tilimizni eʼzozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalashda hamisha Abdulla Oripov sheʼriyatiga murojaat qilamiz, deya taʼkidladi. So‘ngra Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti kafedra mudiri, professor Nurboy Jabborov “Abdulla Oripov sheʼriyatida o‘zbek tili tarannumi” mavzusidagi maʼruza qildi. Olimning “Abdulla Oripovning ijodiy merosini qancha ko‘p o‘rgansak, uning o‘ziga xos jozibasini, qudratini his etamiz” degan so‘zlari kelgusi yilda 80 yilligi nishonlanadigan ulug‘ shoirimizning ijodiy merosi hali ko‘plab o‘rganilishi, tadqiq etilishini anglatadi.

Tadbirda Abdulla Oripovning turmush o‘rtog‘i Hanifa aya Mustafo qizi hamda qizi Ruxsora Oripovalar ishtirok etdilar. Ular atoqli shoirimiz baʼzi sheʼrlarining yozilishi tarixi, mahorat qirralari, adabiy-falsafiy qarashlari xususida gapirdilar.

Yakunda Navoiy davlat pedagogika instituti prorektori X.Qurbonov, ilmiy tadqiqotchi A.Zaripov va talabalar O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning ijodini o‘rganib borish har birimizga maʼnaviy burch bo‘lib qolishini taʼkidladilar.

NKMK Matbuot markazi.