NDKI rektori, professor
Quvondiq Sanaqulovning
Navoiy davlat konchilik instituti
tashkil topganligining 25 yilligiga
bag‘ishlangan nutqi
ASSALOMU ALAYKUM, AZIZ USTOZ-MURABBIYLAR,
QADRLI HAMKASBLAR!
Fursatdan foydalanib, Siz, aziz ustozlarni, ilm yo‘lida izlanishlar olib
borayotgan professor-o‘qituvchilarni, institutimiz ravnaqi uchun o‘zining
kamtarona mehnati bilan ulkan hissa qo‘shib kelayotgan barcha
ishchi-xodimlarni, institut jamoasini Navoiy davlat konchilik instituti tashkil
topganligga 25 yil to‘lishi munosabati bilan chin qalbimdan qizg‘in
tabriklayman!
Har bir o‘quv yurtida ta’lim sifati masalasi, bu boradagi yangiliklar,
yangi texnologiyalar bilan boyitilishi, ta’limning zamonaviy ishlab chiqarish
bilan integratsiyalashuvi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, ushbu sinovli
kunlarda pedagog kadrlarimizning ham mehnati e’tirofga molik, albatta.
Xabaringiz bor, kon va metallurgiya sanoat korxonalarini etuk va malakali
mutaxassis kadrlar bilan ta’minlash maqsadida 1963 yilda Navoiy shahrida
Toshkent politexnika institutining kechki o‘quv maslahat punkti tashkil etilgan
edi. Kechki o‘quv maslahat punktida Fuqaro sanoat qurilishi, Noorganik moddalar
texnologiyasi, Elektr ta’minoti, Metall qirqish va mashinasozlik texnologiyasi
mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim berilgan.
1966 yilda kechki o‘quv maslahat punkti Toshkent politexnika institutining
umumtexnika fakultetiga aylantirildi. Keyinchalik Navoiy umumtexnika fakulteti
Toshkent politexnika institutining Navoiy filialiga aylantirilgan.
Navoiy viloyatida kon-metallurgiya sanoatini yanada rivojlantirish, foydali
qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash uchun zarur bo‘lgan etuk mutaxassis
kadrlar tayyorlaydigan konchilik instituti O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining 1995 yil 7 iyuldagi “Navoiy davlat konchilik institutini tashkil
etish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tashkil topdi. Ushbu tarixiy sanaga ham
bugun 25 yil to‘ldi.
Institutda o‘tgan davrda katta davovonlar zabt etilib, ilmiy salohiyati ham
yildan-yilga yuksalib bordi. Xususan, Navoiy kon-metallurgiya kombinati davlat
korxonasi tomonidan 2015 yilda institutining ikki ming o‘rinli yangi o‘quv
binosini qurildi va zarur mebellar, o‘quv laboratoriya hamda axborot
kommunikatsiya vositalari bilan ta’minlandi. Bugungi kunda yangi zamonaviy
uskunalar bilan jihozlan Texnopark, u erda 6 million AQSH dollarga 109 turdagi
zamonaviy o‘quv laboratoriya jihozlari sotib olib, o‘rnatildi. O‘zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 13 noyabrdagi 925-sonli qaroriga
asosan Navoiy davlat konchilik institutining Nukus filiali tashkil etildi.
Institutimizda ishlab chiqilgan istiqbolli reja asosida har yili
professor-o‘qituvchilar doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya
qilayaptilar. Jumladan, o‘tgan yili jami 20 nafar professor-o‘qituvchimiz
dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qilgan bo‘lsa joriy yilda 30 ga
yaqin olimlarimiz himoyasi rejalashtirilgan.
Aksariyat dissertatsiya ishlari Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 2026
yilga qadar mo‘ljallangan innovatsion rivojlanish dasturi asosidagi
ilmiy-tadqiqot ishlari doirasida bajarilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda,
o‘tgan yillardan rozi bo‘lib, har qancha shukrona aytsak kam.
AZIZ USTOZLAR, QADRLI JAMOA!
Mana shu quvonchli damlarda barchangizni qutlug‘ sana munosabati bilan yana
bir bor samimiy muborakbod etib, oilangizga tinchlik-xotirjamlik, baxt va omad
hamda kelgusidagi mas’uliyatli va sharafli ishlaringizga ulkan muvaffaqiyatlar
tilayman.