Yangiliklar

KONCHILIK INSTITUTIDA O‘QUV JARAYONLARI ONLAYN DAVOM ETMOQDA


Ta’lim tizimida zamonaviy innovatsion texnologiyalarni qo‘llash ham iqtisodiy, ham ijtimoiy samara beradi. Ayni paytda Navoiy davlat konchilik instituti va uning Nukus filialida o‘quv jarayoni zamonaviy innovatsion axborot texnologiyalaridan foydalangan holda davom etmoqda.

Navoiy davlat konchilik institutida kunduzgi maxsus sirtqi hamda sirtqi ta’lim shaklidagi 15 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari talabalari, shuningdek, 10 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha tahsil olayotgan talabalari uchun masofadan ta’lim olish imkoniyati yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining “Oliy ta’lim muassasalarida masofaviy ta’limni joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan institutdagi barcha ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida masofaviy ta’lim tizimiga o‘tildi. Bu borada institutda etarlicha salohiyat, masofaviy ta’limni tashkil etish va boshqarish uchun dasturiy ta’minot va texnik jihozlar mavjud.

– Masofaviy ta’lim –insonning mustaqil fikrlash, holatni baholash, xulosa va bashorat qilish qobiliyatlarini rivojlantiradi. Unda talaba o‘ziga qulay vaqtda va hattoki ishdan ajralmagan holda bilim olishi mumkin. Aynan shunday afzalliklari tufayli ushbu tizim hozirgi kunda dunyoda keng tarqalgan, – deydi Navoiy davlat konchilik instituti o‘qituvchisi SHuhrat Norov.

Institutning rasmiy veb-saytida  (http://dist.edu.uz/navdki/) MOODLE masofaviy ta’lim platformasi, elektron kutubxona (http://kitob.ngmk.uz/) faoliyat ko‘rsatayapti.

SHuningdek, professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘qitilayotgan fanlar bo‘yicha tegishli mavzulardan videodarslar tayyorlanib, NavDKI_onlinekurs (https://t.me/NDKi_onlinekurs) telegramm kanali hamda Yuotube NDKI_onlinekurs kanalida onlayn dars mashg‘ulotlari joylashtirilib borilmoqda.

 

NDKI Axborot xizmati