Muhtaram
ustoz va murabbiylar!
Avvalo, siz, azizlarni, ta’lim-tarbiya sohasida mehnat
qilayotgan barcha pedagog xodimlarni O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan
tabriklab, eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Ushbu qutlug‘ ayyomda barchamiz
bizga ilm o‘rgatgan, hayot sabog‘ini bergan jonkuyar, fidoyi o‘qituvchi va domlalarimizga
chuqur hurmat bajo keltirib, chin dildan ta’zim qilamiz.
Haqiqatan ham, o‘zining
ko‘z nuri, qalb qo‘ri, butun borlig‘ini yosh avlod tarbiyasiga baxsh etadigan o‘qituvchi
va murabbiylar mehnati, jasorati har qanday yuksak baholarga munosibdir.
Bu haqda fikr yuritar ekanmiz,
ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning: “Avlodlaringizga faqat bugunning emas, kelgusi
zamonning ilmini o‘rgating”, degan so‘zlari beixtiyor yodimizga tushadi.
Chindan ham, dunyo miqyosida raqobat yanada
kuchayib boradigan, o‘ta murakkab bir davrda yashaydigan bolalarimizni kelajakka
tayyorlab, sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga etkazish ta’lim-tarbiya sohasi,
o‘qituvchi mehnatining tub mohiyatini tashkil etadi.
Ana shu o‘tkir haqiqatni
hisobga olib, biz ta’lim-tarbiya sohasidagi islohotlarni davlat siyosatining eng
muhim va ustuvor yo‘nalishi darajasiga ko‘tardik.
O‘tgan qisqa davrda maktabgacha
ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, maktab ta’limida 11 yillik tizimga
o‘tish, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini optimallashtirish, nodavlat ta’lim
xizmati ko‘rsatish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirdik.
Bugungi kunda sizlarning,
butun el-yurtimizning qizg‘in qo‘llab-quvvatlashi bilan maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy maqsadga,
umumxalq harakatiga aylanib bormoqda.
Buyuk allomalarimiz, atoqli
shoir va adiblarimiz nomi bilan ataladigan ijod va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan
maktablar, “Temurbeklar maktablari”, Prezident maktablari kabi mutlaqo yangi namunadagi
zamonaviy va innovatsion ta’lim maskanlari ayni shu maqsadga xizmat qiladi.
Bu borada umumta’lim maktablari
tizimini rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Buning tasdig‘ini
so‘nggi ikki yilda 238 ta yangi maktab barpo etilganida ham ko‘rish mumkin. Holbuki,
2010-2016 yillarda bu sohaga etarli e’tibor berilmagani tufayli 99 ta maktab yopilgan
edi.
Mazkur sohani rivojlantirish
uchun ajratilayotgan byudjet mablag‘lari hajmi ham ortib bormoqda. Jumladan, joriy
yilda maktablarga 2017 yilga nisbatan 81 foizdan ziyod mablag‘ ajratildi.
Yurtimizda bog‘cha, maktab va oliy ta’lim
tizimida ishlayotgan tarbiyachilar, o‘qituvchi va domlalar mehnatini munosib qadrlash,
ularning ish haqini, jamiyatdagi nufuzini oshirish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yilmoqda.
Soha rivojiga bo‘lgan ana
shunday e’tibor maktablarda o‘quv-tarbiya jarayonlarini sifat jihatidan o‘zgartirishga,
o‘qituvchilar tarkibini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Biz ta’lim-tarbiya masalasiga
kompleks yondashgan holda, bog‘cha ta’limi bilan birga oliy ta’lim tizimini ham
uzviy rivojlantirishga alohida e’tibor bermoqdamiz.
Shu maqsadda mamlakatimizda maktabgacha
ta’lim hamda oliy ta’limni rivojlantirish dasturlari qabul qilindi va shu asosda
tub islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, keyingi ikki yilda
mamlakatimizda 35 ta, jumladan, 13 ta xorijiy oliy o‘quv yurti tashkil etildi. Yuzdan ortiq yangi bakalavriat ta’lim
yo‘nalishlari hamda 94 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash
yo‘lga qo‘yildi.
Ana shunday chora-tadbirlar
natijasida yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi uch yil burungi 9 foizdan
20 foizga oshdi. Biz yaqin kelajakda bu ko‘rsatkichni 25 foizga etkazishni o‘z oldimizga
maqsad qilib qo‘yganmiz.
Yaratilayotgan imkoniyatlar tufayli O‘zbekiston
yoshlari turli sohalarda o‘z bilim va salohiyatini namoyon etib, Vatanimiz shuhratini
butun dunyoga tarannum etmoqda.
Kuni kecha Rossiyaning Ekaterinburg
shahrida dunyoning 80 ga yaqin mamlakatidan mohir sportchilar ishtirok etgan boks
bo‘yicha jahon chempionatida milliy jamoamiz vakillari yuksak azmu shijoat va mahorat
namunasini ko‘rsatib, birinchi o‘rinni egallagani barchamizni quvontirib, g‘urur
va iftixor bag‘ishlaydi.
Bunday ulkan yutuqlarni
biz avvalo sizlar kabi fidoyi ustoz-murabbiylarning fidokorona mehnati natijasi
sifatida qabul qilamiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Barchamiz yaxshi tushunamizki,
bugungi shiddatli zamon barcha sohalar qatorida ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish
bo‘yicha ham oldimizga g‘oyat muhim va dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda.
Albatta, yoshlarimizning
bilim olishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish, o‘quv binolarini qurish, ularni
zamonaviy jihozlash mumkin. Lekin farzandlarimizga yuksak mezonlar asosida ta’lim-tarbiya
beradigan, yangicha, innovatsion fikrlaydigan muallim va o‘qituvchilarni tayyorlash
– bu eng og‘ir vazifa bo‘lib, juda katta mehnat va mas’uliyatni talab etadi.
Shu ma’noda, bugungi kun o‘qituvchisi universal mutaxassis,
ham o‘rgatuvchi, ham o‘rganuvchi bo‘lishi, ya’ni o‘z ustida tinimsiz ishlashi,
doimo izlanib yashashi kerak.
Eng
muhimi, o‘qituvchi chinakam vatanparvar inson bo‘lishi zarur. Qalbida
o‘z kasbiga, Vataniga mehr va sadoqat kuchli bo‘lgan o‘qituvchigina haqiqiy vatanparvar
shaxsni tarbiyalay oladi.
Bizning barcha sa’y-harakatlarimiz "O‘zbekistonda eng obro‘li inson muallim
bo‘lishi kerak" degan g‘oyani amalga oshirishga qaratilmoqda. Buning
uchun davlat va jamiyat tomonidan qancha mablag‘, resurs va imkoniyatlar zarur bo‘lsa,
barchasini safarbar etamiz.
Maktablarda xorijiy tillarni,
axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘rgatishni takomillashtirish, oliy va
o‘rta maxsus ta’lim sohasida boshqaruvni isloh qilish, yoshlarni ilm-fan sohasiga
jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarni
samarali amalga oshirishimiz lozim.
Professional ta’lim sohasida
bugungi mehnat bozori va xalqaro standartlarga to‘la mos keladigan butunlay yangi
tizimga o‘tishni jadallashtirishimiz kerak.
Ta’lim muassasalarining
moddiy-texnik bazasi, o‘qitish sifati va pedagog xodimlarning bilim va malakasini
oshirishga qaratilgan “Zamonaviy maktab” davlat
dasturini amalga oshirish doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Barchamizga ayonki, bugungi
kunda yon-atrofimizda yoshlarning qalbi va ongini zaharlab, ularni to‘g‘ri yo‘ldan
og‘dirishga qaratilgan xavf-xatarlar tobora kuchayib bormoqda. Bunday mafkuraviy
xurujlarga qarshi milliy g‘oya asosida barchamiz birgalikda kurashmog‘imiz, oila, maktab va mahalla hamkorligini mustahkamlashimiz zarur.
Ayniqsa, bu vazifa barcha
bo‘g‘indagi rahbarlar, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar tashkilotlari, ijodkor
ziyolilarimiz, diniy ulamolar, huquq-tartibot idoralari xodimlari, butun jamiyatimiz
uchun vijdon ishiga aylanishi kerak.
Aziz va muhtaram ustozlar!
Bugun ta’lim-tarbiya sohasida,
hurmatli o‘qituvchi va murabbiylarimiz, farzandlarimiz hayotida yangi davr boshlanmoqda.
Bu davrni yanada chuqur ma’no-mazmun bilan to‘ldirib, milliy yuksalishga erishish faqat va faqat o‘zimizga, shu yo‘lda
hamjihatlik bilan qattiq mehnat qilishimizga bog‘liq.
Biz xalqimizning eng katta
boyligini – millionlab farzandlarimiz, jondan aziz o‘g‘il-qizlarimizning taqdirini,
O‘zbekiston istiqbolini sizlarga ishonib topshirganmiz. Va bu vazifani mas’uliyat
bilan ado etib kelayotgan sizlar kabi fidoyi insonlar, kelajak bunyodkorlariga har
qancha tahsin va tasannolar aytsak, arziydi.
Sizlarni O‘qituvchi va murabbiylar
kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli va mas’uliyatli
faoliyatingizda katta muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Shavkat
MIRZIYOYEV,
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti