Bugungi kunda “kun mavzusi” dan “oy mavzusi” tomon ketayotgan,
o‘qituvchi-yu, talabalar va ularning ota-onalarining xilma-xil qarashlari, fikr
va mulohazalari ijtimoiy tarmoqlarni “gumburlatayotgan” mavzu to‘lov-kontrakt summalarining
oshishi bilan bog‘liq masala bo‘lib qolyapti. Masalaga o‘z munosabatini bildirayotgan
professor o‘qituvchilarimizdan biri Navoiy davlat konchilik instituti “Iqtisodiyot
va menejment” kafedrasi mudiri Baqoev Husan Nuriddinovichning fikrlarini tingladik:
“Talabalar shartnoma-to‘lov pulining oshirilishiga asosiy
sabab professor o‘qituvchilarning ish haqi bir necha marta oshirilganligi, kommunal
to‘lovlar narx-navosining oshishi, oliy ta’limda qabul kvotalarining o‘tgan yilgidan,
ya’ni 9 foizdan 20 foizgacha
ko‘tarilganligi tufayli binolar, jihozlarni sotib olish bilan bog‘liq xarajatlar,
deb ko‘rsatishimiz mumkin. Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘ yanada oshib
ketishi soliq to‘lovchilar hisobidan bo‘ladi. Boshqa sohalarga ajratiladigan mablag‘
kamayishi ham turli ijtimoiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
To‘lov-konrakt summalarining oshirilishiga munosabat ham
har xil. Ko‘pchilikka to‘lovlarning miqdori kamroq bo‘lgani ma’qul. Shartnoma summasining
oshirilishi haqida yarim yoki bir yil oldin ogohlantirilsa, ayni muddao bo‘lar edi.
Jarayonga ijobiy qarashimizning bir tomoni to‘lov-kontrakt shartnomalarining “stipendiyasiz”
to‘lash yo‘li ham mumkinligi, undan tashqari oyma-oy to‘lasa bo‘lishidir. Bu talabalar
va ularning oilasi uchun ancha engillik tug‘diradi. Stipendiyaning bahoga bog‘liq
bo‘lmay qolishi talabalarni o‘zi uchun o‘qishga undaydi. Turli xil korrupsiya holatlarining
oldini oladi”.
Ayni kunlarda Navoiy davlat konchilik institutida to‘lov-kontrakt
shartnoma qog‘ozlari talabalarga tarqatilyapti. Jarayon tartibli tashkil etilgan.
To‘lov-kontrakt pullarining oshirilishiga doir savollarga
rahbariyat, iqtisod fanlari o‘qituvchilari o‘z vakolatlari va bilimlari doirasida
talabalar va ularning ota-onalariga to‘la va aniq javob beryaptilar.
Mulohazalar, muzokaralar, munosabatlar o‘zining xayrli
natijasini ko‘rsatishi esa ayni haqiqatdir.
Navoiy davlat konchilik instituti matbuot kotibi
Gulnoz Sattorova