Yangiliklar

KUTUBXONA HAQIQATAN NURXONAMI?!


“Kishi uchun kitobdan azizroq va yoqimliroq suhbatdosh yo‘qdir. Kitob balog‘atda, latofatda tengi yo‘q, munofiqlikdan xoli hamrohdir. Yolg‘izlikda va g‘amli ayyomlarda munis ulfatdir. Unda na nifoq boru, na gina. U shunday hamdamki, so‘zlarida yolg‘on va xato bo‘lmaydi. Suhbatidan esa kishiga malollik etmaydi. U o‘z do‘stining dilini og‘ritmaydi. Yuragini esa siqmaydi. U shunday rafiqdirki, kishi orqasidan g‘iybat qilib yurmaydi. Uning suhbatidan senga shunday fayzli foydalar etadiki, bunday foydani odamlardan topa olmaysan. Kitobdek do‘st ichida barcha ilmu hilm mujassamdirki, u kishilarni o‘tmishdan va kelajakdan ogoh qilib turadi”. Bu so‘zlar Muhammad Jabalrudiy qalamiga mansub va ular hikmat darajasidadirlar.

Respublikamizning barcha o‘quv muassasalarida kitob va kitobxonlik masalalariga alohida e’tibor qaratilganidek, Navoiy davlat konchilik instituti Axborot-resurs markazida ham bu borada olib borilayotgan ishlar tahsinga loyiq. Institutda “Yosh kitobxonlar”, “Yosh shoirlar”, “Zulfiyaxonim izdoshlari” kabi to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Aniqlangan ehtiyoj asosida institut Axbort-resurs markaziga 2019 yilda 28 nomdagi 324 dona ilmiy va badiiy adabiyotlar sotib olindi. Bugungi kunda institutning umumiy fondida 11924 nomdagi 83793 dona adabiyot mavjud. Jumladan: 22781 dona darslik; 6026 dona ilmiy adabiyot; 33875 dona o‘quv qo‘llanma; 12112 dona badiiy adabiyot va 8967 dona boshqa adabiyotlar. Markaz fondiga qabul qilingan yangi adabiyotlar taqdimotlari o‘tkazib borilishi yo‘lga quyilgan. Kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida taniqli yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar tashkil etilgan.

Axborot-resurs markazida 55 ta kompyuter mavjud bo‘lib, kompyuterlarning 40 tasi institut lokal tarmog‘iga, internet va “ZiyoNET” axborot tizimiga ulangan va foydalanuvchilarning bevosita axborot olishga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishda xizmat qilmoqda. Bundan tashqari 2 ta skaner, 4 ta printer, 1 ta nusxa ko‘chiruvchi apparat (kserokopiya) mavjud.

Navoiy kon-metallurgiya davlat korxonasi, Navoiy davlat konchilik instituti hamkorligida tashkil qilingan yagona ta’lim elektron kutubxona portali tashkil qilingan bo‘lib, ushbu portalga Navoiy davlat konchilik instituti, Navoiy davlat pedagogika instituti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Axborot-resurs markazlarida mavjud adabiyotlarning to‘liq matnli elektron variantlari joylashtirilgan.

Ayni vaqtda NDKI Axborot-resurs markazi rahbari Nodir Najmiddinovich Abdurafiqov badiiy kitoblarning audio variantini ko‘paytirish bilan o‘quvchilarning kitobga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish payida. “Talaba har soniya kitob bilan bo‘lishi, uning mehrini his etishi kerak. Bekorga xalqimiz kutubxonani nurxona demaydi, axir”, deydi N. Abdurafiqov.


Navoiy davlat konchilik instituti matbuot kotibi 

Gulnoz Sattorova