Tarix-poydevor. Kelajak-poydevor ustiga qurilgan va qurilayotgan
qo‘rg‘ondir. Tarixni bilmaslik, uni qiziqib o‘rganmaslik, xato-yu kamchiliklaridan
saboq, yutuqlaridan ibrat va kuch olmaslik, undan ruhlanmaslik, buyuk ajdodlarimizning
ulug‘ ishlaridan faxrlanmaslik mumkin emas. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ko‘rsatib
bergan 5 tamoyil ham tarix va kelajakning omuxta mevasi, desak yanglishmaymiz.
Navoiy davlat konchilik instituti va Navoiy viloyati tarixi
va madaniyati davlat muzeyining o‘zaro madaniy-ma’rifiy hamkorligi ancha yillardan
buyon yo‘lga qo‘yilgan. 5 tashabbus doirasida bajarilayotgan ishlar ushbu hamkorlikning
yanada mustahkamlashuvini ta’minladi, samaradorligini oshirdi.
2019 yilning 6 sentyabr kuni Navoiy davlat konchilik institutida
Navoiy viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyining katta ko‘chma ko‘rgazmasi
tashkil etildi. Muzey xodimlari Tursunoy G‘anieva, Gulchehra Jumaeva, Dilnoza Dodoevalar
institut professor-o‘qituvchilari va talabalariga eksponatlar va ularning tarixiy
ahamiyati haqida ko‘plab ma’lumotlar berishdi. Muzey bo‘lim boshlig‘i Dilafruz Mustafaeva
biz bilan suhbatda jumladan shunday dedi:
- Vatanimiz mustaqillikka erishgandan buyon o‘tgan 28 yil
vaqt mobaynida mamlakatimizda nafaqat siyosiy, iqtisodiy islohotlar va o‘zgarishlar,
balki madaniy-ma’rifiy sohada ham bir qancha yangilanishlar bo‘ldi. Yoshlarimizning
tarixga, muzeylarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan
qadim o‘tmishimizning osori atiqalari bilan yaqinroq tanishtirish, davlat rahbarining
ko‘rsatib bergan beshta tashabbusi ijrosini ta’minlash, talaba yoshlarimizning kitobxonlikka,
ayniqsa, qadim qo‘lyozmalarimizga qiziqishlarini orttirishni oldimizga maqsad qilib
qo‘ydik. Bugun sizning institutingizda “O‘zbekiston davlat mustaqilligi” mavzusida
katta ko‘chma ko‘rgazma tashkil etdik. Maqsadimiz, nafaqat o‘tgan 28 yil mobaynidagi
tarix, balki yoshlarimizni qadim tarixga etaklash, ularni osori atiqalar orqali
muzeylarga bo‘lgan hurmatini oshirish, qadim o‘tmish bilan yaqinroq tanishtirish,
qadim qo‘lyozmalarga qizikishlarini oshirishdir. Muzeyimizda 8 ta bo‘lim mavjud
bo‘lib, bugungi ko‘rgazmalarning har biridan bir qancha ekspozitsiyalarni namoyish
etmoqdamiz. Bu ekspozitsiyalarimiz milliy ayollarimizning do‘ppilari, qadimga taqinchoqlari,
Nurota kashtachilik maktabiga xos bo‘lgan kashta liboslar, mis ko‘zalar, mis oftobalar,qadimiy
qo‘lyozmalar, muzeyimizning o‘zida tashkil etilgan quroqchilik va qo‘g‘irchoqlar
yasash to‘garaklari a’zolari tomonidan yasalgan bir qancha ekspozitsiyalardir. Shuningdek,
XYIII asr oxiri XIX asr boshlariga oid bo‘lgan qadim qo‘lyozmalarni ham namoyish
etmoqdamiz. Muzey eksponatlari Xatirchi, Navbahor, Nurota tumanlaridan yig‘ilgan
bo‘lib, bu hududlar tarixi Samarqand, Buxoro viloyatlari tarixi bilan chamcharchas
bog‘liq.
Shuningdek, Navoiy viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyining ko‘chma ko‘rgazmasida Shayx Sa’diy asarlarining ko‘hna varianti ham namoyish etildi.
Navoiy davlat konchilik instituti matbuot kotibi
Gulnoz Sattorova