Yangiliklar

“Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori ostida o‘tkazilgan Mustaqillik darsi uchun NDKI rektori Q.Sanaqulov nutqi


Assalomu alaykum qadrli ustozlar, aziz yoshlar va tadbirimiz mehmonlari!

 

Jonajon Vatanimiz – O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 28 yilligi bayram tadbirlari davom etayotgan ushbu kunlarida “Jonajon O‘zbekistonim – mangu bo‘l omon!” shiori ostida o‘tkazilayotgan bugungi “Mustaqillik darsi”da Siz azizlarga o‘z ezgu tilaklarimni izhor etish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan behad xursandman. Ushbu qutlug‘ ayyomda barchamiz yoshlik inson umrining naqadar go‘zal va beg‘ubor fasli, ulkan orzu-umidlar, beqiyos imkoniyatlar davri ekanini yanada chuqur his qilib, siz, navqiron farzandlarimizga eng ezgu tilaklarimizni izhor etib, 1-kurs talabalar safiga qabul qilinganligingiz bilan chin yurakdan tabriklayman.

Mustaqillikka erishgan kundan boshlab o‘tgan qisqa davrda jonajon O‘zbekistonimiz mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli istiqlol yo‘lini bosib o‘tdi.

Bugungi kunda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev boshchiligida barcha sohalarda ulkan islohatlar amalga oshirilayotgan bo‘lib, ushbu islohatlarning markazida ta’lim tizimi turganligi mamlakatimizda ilm-fanga qaratilayotgan e’tiborning naqadar yuqoriligidan dalolat beradi. Ushbu islohatlar oliy ta’lim tizimida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Jumladan, o‘qitish sifatini tubdan takomillashtirish, bilim maskanlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, oliy ta’lim maskanlariga yoshlarning qamrovini tobora oshirish kabilar shular jumlasidandir.

Bugungi kunda mamlakatimizda oliy ta’lim sohasi ham jadal rivojlanmoqda. Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish tizimi takomillashtirilib, qabul kvotalari oshirildi. Faqat keyingi uch yilda bir qancha nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallari ochildi 35 ta yangi oliy o‘quv yurti tashkil qilindi.

Mamlakatimizning konchilik va metallurgiya sanoatini hamda barpo etilayotgan yangi sanoat korxonalarini etuk va malakali mutaxassis kadrlar bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1995 yil 7 iyuldagi PF-1203-sonli Farmoni asosida Navoiy davlat konchilik instituti tashkil etilgan.

Bugungi kunda Navoiy davlat konchilik institutida 201 nafar professor–o‘qituvchilar faoliyat olib bormoqda, shundan 78 nafari fan nomzodi va (PhD) falsafa doktorlari bo‘lsa, 15 nafari (DSc) fan doktorlari hisoblanadi.

Institutda 3 ta fakultet (Konchilik, Energo-mexanika, Kimyo-metallurgiya) va 15 ta kafedralar mavjud bo‘lib, joriy yangi o‘quv yilidan boshlab Navoiy davlat konchilik institutining Nukus filiali o‘z faoliyatini boshladi.

2018/2019 o‘quv yilida institutni 11 ta ta’lim yo‘nalishlarida 663 nafar bakalavrlar, 9 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 39 nafar magistrantlar bitirgan bo‘lsalar, ushbu o‘quv yilida 13 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga 466 nafar talabalar, 10 ta magistratura mutaxassisliklariga 51 nafar magistarantlar qabul qilindi. Bundan tashqari shu o‘quv yilidan boshlab institutda sirtqi ta’lim shakli joriy etilib, 10 ta ta’lim yo‘nalishiga talabalar qabul qilindi.

2016 yilda institutning yangi zamonaviy talablarga javob bera oladigan binosi qurilib, foydalanishga topshirildi hamda moddiy texnik bazasi butkul yangilandi. O‘tgan davr oralig‘ida institutga umumiy qiymati 6 million AQSH dollariga teng bo‘lgan zamonaviy laboratoriya qurilmalari olib kelib o‘rnatildi. Barcha fakultetlarning o‘quv auditoriyalari zamonaviy multimedia vositalari bilan jihozlandi.

 

Institutga keltirilgan zamonaviy laboratoriya qurilmalari asosida “Fizik-kimyoviy tadqiqotlar” va “Mexatronika” ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari tashkil etildi. Geotexnologiya, metallurgiya, biotexnologiya, elektr manbaini tejash, elektron asbob va uskunalar, robotexnika, mashinasozlik, kimyoviy texnologiyalar, muqobil energiya manbalari va elektron o‘lchov asboblari, materialshunoslik va metallarni qayta ishlash texnologiyasi singari innovatsiyalar sohasida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishga, amaliy-sanoat sinovlarini amalga oshirishga va innovatsion mahsulotlarni qator ishlab chiqarish korxonalarida o‘zlashtirishga topshirish maqsadida Navoiy mashinasozlik zavodi ishlab chiqarish birlashmasi hududida kon-metallurgiya sanoatiga ixtisoslashgan zamonaviy texnopark yaratildi.

Institutda fan, ta’lim va ishlab chiqarish orasidagi uzviylikni rivojlantirish maqsadida talabalarning auditoriyada olgan nazariy bilim va ko‘nikmalarni ishlab chiqarish korxonalarida amaliy mustahkamlash maqsadida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK ning “Navoiy mashinasozlik zavodi” ICHB, markaziy ilmiy tadqiqot laboratoriyasi, 1-gidrometallurgiya zavodi, Markaziy kon boshqarmasi, 5-kon boshqarmasi hamda “Navoiyazot” AJ, “Elektrokimyozavod” AJ, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJ va “Viloyat elektr tarmoqlari” AJda kafedralar filiallari tashkil etilgan bo‘lib, ushbu kafedra filiallarida talabalarni dual tizimida o‘qitish imkoniyati mavjud.

Institutda tahsil oluvchi talabalarning qiziqishlari asosida 57 ta fan va sport to‘garaklari faoliyat olib bormoqda. Ushbu to‘garaklarda tashkil etilayotgan mashg‘ulotlar o‘z sohasi bo‘yicha bilimlarini oshirishlari bilan birgalikda, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

Kafedralarda o‘quv jarayonini takomillashtirish maqsadida Navoiy kon-metallurgiya kombinati va boshqa korxonalardan etakchi mutaxassislar o‘rindoshlik asosida dars bermoqdalar.

Talabalarga yuqori malakali mutaxassislar va ilmiy salohiyatga ega professor-o‘qituvchilar dars mashg‘ulotlarini olib boradilar.

Aziz ustozlar va hurmatli ota-onalar!

YOshlar tarbiyasi masalasi kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb masalalardan biri bo‘lib, ushbu jarayonga nafaqat professor-o‘qituvchilar balki ota-onalar va keng jamoatchilik mas’ul hisoblanib, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan tamoyilga asoslangan holda, milliy g‘oya va uning mafkuraviy negizlarini puxta ishlab chiqish, yosh avlodni milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash har birimizning birinchi galdagi vazifamiz bo‘lmog‘i kerak.

Aziz talaba yoshlar!

Mamlakatimizda Siz uchun yaratilayotgan bunday imkoniyatlarga javoban, davlatimizning kelajakda yanada ravnaq topishida, mustaqilligini mustahkamlashda, jahon maydonidagi o‘rnini yuksaltirishda o‘z bilim va tafakkuringiz, izlanish va intilishingiz bilan munosib hissa qo‘shishingizga ishonaman.

Zero, muhtaram Yurtboshimizning ta’birlari bilan aytganda “Yoshlar haqli ravishda Vatanimizning kelajagi uchun javobgarlikni zimmasiga olishga qodir bo‘lgan, bugungi va ertangi kunimizning hal etuvchi kuchiga aylanib borayotgani barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi”.

Fursatdan foydalanib, Sizlarga mustahkam sog‘lik, baxtu saodat, o‘qish va ijodiy ishlaringizda ulkan zafarlar tilayman.

 

E’tiboringiz uchun rahmat!