NAVOIY DAVLAT KONCHILIK INSTITUTINING TASHKIL TOPISHI
Ko‘hna tarix guvohligiga qaraganda, O‘zbekiston hududi jaxon sivilizatsiyasining ajralmas qismi bo‘lib, ilm-fan, madaniyat, san’at va ma’rifat maskani hisoblangan. Ayniqsa, Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi Uchtutda qadimiy chaqmoqtosh koni va neolit davriga oid tosh qurollari ustaxonasining topilishi bu yerlik aholining qadim zamonlardan buyon konchilik ishlari bilan shug‘ullanganidan dalolat beradi.
Qadimshunos olimlarimiz tomonidan Qizilqum hududining katta qismida tekshirish ishlari olib borilishi natijasida Navoiy viloyati va umuman, Qizilqumning tabiiy go‘zalligi, qadimda hududimizda yashagan ajdodlarimizning hayotidan guvohlik beruvchi toshlarga uyib chizilgan rasmlar, tirikchilik uchun ishlatilib kelingan mehnat va ov qurollari, boy mineral xomashyo zahiralari mavjud ekanligi hamda bu zamin jahon sivilizatsiyasi tarixiga hissa qo‘shgan madaniyat uchoqlaridan biri ekanligi isbotlandi.
Qizilqum xududida olib borilgan geologik tadqiqotlar bu hududda Mendeleyev davriy sistemasiga kiruvchi barcha elementlarning mavjudligi, tabiiy boyliklarning noyobligi va o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turishini ko‘rsatdi. Uchquduq va Zarafshon hududlaridagi oltin qazib oluvchi ulkan sanoat korxonalari mamlakatimizning industrial texnikaviy va texnologik asosini tashkil qiladigan sanoat inshootlari qatorida muhim o‘rin egallagan.
Navoiy viloyatida konchilik va metallurgiya sanoatini hamda barpo etilayotgan sanoat korxonalarini yetuk va malakali mutaxassis kadrlar bilan ta’minlash maqsadida 1963 yilda Navoiy shahrida Toshkent politexnika institutining kechki o‘quv maslahat punkti ochildi. O‘quv maslahat punktida 5 nafar kishi faoliyat boshlagan. Ular: maslahat punkti mudirasi matematika fani katta o‘qituvchisi L.V.Yudina,o‘qituvchi L.S.Likova, Z.Qodirov, bir nafar metodist, bir nafar kotibadan iborat bo‘lgan. Kechki o‘quv maslahat punktida to‘rtta: Fuqaro sanoat qurilishi, Noorganik moddalar texnologiyasi, Elektr ta’minoti, Metall qirqish va mashinasozlik texnologiyasi mutaxassisliklari mavjud bo‘lgan.
1966 yilda kechki o‘quv maslahat punkti Toshkent politexnika institutining umumtexnika fakultetiga aylantirilgan. Dekan etib t.f.n., dotsent S.M.Rixsiyev tayinlangan va Toshkent, Samarqand va Buxorodagi oliy ta’lim dargohlaridan yosh olimlar, tajribali mutaxassislar ishga taklif qilinib, fakultet yetuk mutaxassislar bilan ta’minlab borilgan. Shu davrda Navoiy umumtexnika fakultetida birin-ketin fan sohalari buyicha kafedralar ochila boshlagan. Jumladan, “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi tashkil etilib, kafedra mudiri lavozimiga tarix fanlari nomzodi A.M.Novodvorskiy tayinlangan. Kafedrada rus tili, chet tillari, tarix, falsafa, siyosiy iqtisod kabi fanlar o‘qitilgan.
1968-1969 o‘quv yilida fakultetni dotsent R.A.Abidov boshqargan. Uning rahbarligida o‘quv-tarbiyaviy, ma’naviy-ma’rifiy ishlar ancha takomillashgan, fakultetning ishlab chiqarish korxonalari bilan aloqalari yanada mustahkamlangan, bir necha yangi kafedralar ochilgan. Jumladan, 1970 yil 1 yanvardan “Rus va chet tillari” kafedrasi ochilib, katta o‘qituvchi F.T.Saidov kafedra mudiri etib tayinlangan, “Fizika-matematika” kafedrasi tashkil etilib, kafedrani fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent O.Mamanov boshqargan. Bu kafedra tarkibiga fizika, matematika, umumiy elektrotexnika fanlari kiritilgan. Kafedrada professor-o‘qituvchilardan D.Boruxov, U.Omonov, O.Mamanov, X.Ochilov, K.Krsimov, M.Yodgorov, M.Muxammadov, M.Bozorov, N.Kamolovlar faoliyat ko‘rsatgan. Yana shu yili “Umumtexnika kafedrasi” ochilib, unga texnika fanlari nomzodi, dotsent X.Doriyev kafedra mudiri etib tayinlangan. Kafedra tarkibiga nazariy mexanika, materiallar qarshiligi, metallar texnologiyasi, amaliy mexanika va mashina detallari fanlari kiritilgan. Kafedrada dotsent M.V.Valiyev, katta o‘qituvchilar: X.M.Hamidov, P.T.Temirov, o‘qituvchilar T.Yuldoshev, E.Qultoyev, X.Aliyev, Sh.Aliyeva va S.Bobonazarovlar faoliyat yuritgan. 1971 yilda “Umumiy va anorganik kimyo” kafedrasi tashkil etilib, unga kimyo fanlari nomzodi, dotsent N.A.Xolmurodov kafedra mudiri etib tayinlangan. Bu kafedra tarkibiga umumiy kimyo, analitik kimyo, fizikaviy kimyo, kolloid kimyo fanlari kiritilib, Z.Xidirov, I.A.Zibikova, N.I.Lugovaya, A.Kolosov kabi o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatganlar. Keyinchalik “Fizika-matematika” kafedrasi ikkiga: “Umumiy fizika” va “Oliy matematika” kafedralariga bo‘lindi. “Umumiy fizika” kafedrasini O.Mamanov, “Oliy matematika” kafedrasini X.Ochilov boshqargan. “Chizma geometriya va chizmachilik” kafedrasi ochilib, kafedraga A.U.Shomurodov mudir etib tayinlangan. U.Isayev, N.Mustafina, N.Loshkina, F.Shodiyev kabi tajribali o‘qituvchilar chizmachilik va chizma geometriya fanlaridan dars bera boshlaganlar.
1972 yilda Navoiy umumtexnika fakultetiga texnika fanlari nomzodi, dotsent A.K.Ubaydullayev dekan etib tayinlangan. Iqtidorli, tashkilotchi olim kadrlar salohiyatiga alohida e’tibor qaratish bilan birga fakultetning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, yangi ko‘rgazmali qurollar, texnika vositalarini olish, laboratoriyalar ochish masalalariga asosiy e’tiborni qaratgan. Shaharning yetakchi korxona va tashkilotlari bilan aloqalar o‘rnatilgan. Fakultetda yangi kafedralar ochilgan, jumladan, “Mashinasozlik texnologiyasi” kafedrasi ochilib, dotsent U.F.Bahronov kafedra mudiri etib tayinlangan.
Navoiy viloyatida yirik sanoat korxonalari va sanoat shaharlari qurilishi hisobga olinib, bu korxonalarni quruvchi mutaxassis kadrlar bilan ta’minlash maqsadida “qurilish korxonalarining nazariy asoslari” kafedrasi tashkil etilgan. Texnika fanlari nomzodi dotsent V.V.Demchenko kafedra mudiri etib tayinlangan. Shuningdek, “Texnik mexanika” kafedrasi tashkil etilib, kafedrani texnika fanlari nomzodi, dotsent O.D.Ataullayev boshqargan. Keyinchalik Navoiy umumtexnika fakulteti Toshkent politexnika institutining Navoiy filialiga aylantirilgan. Filial tarkibida 3 ta fakultet tashkil etilgan.
Umumtexnika fakultetini dotsent O.D.Ataullayev, kechki umumtexnika fakultetini dotsent N.A.Xolmurodov, Kimyoviy texnologiya fakultetini dotsent U.F.Burhanovlar boshqargan. 1987-1989 yillarda filialga kimyo fanlari doktori, professor A.B.Alovutdinov rahbarlik qilgan. Bu davrda malakali kadrlarni tayyorlashga, filial moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga, obodonlashtirish ishlariga katta e’tibor qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 1990 yil fevral va may oylaridagi buyrug‘iga asosan, Toshkent politexnika institutining Navoiy filiali Buxoro oziq- ovqat va yengil sanoat texnologiyasi instituta tarkibiga kiritilgan.
1990-1992 yillarda filialni texnika fanlari doktori, professor A.K.Ubaydullayev boshqargan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 1992 yil 29 may 229-sonli buyrug‘iga asosan Navoiy filiali Toshkent davlat texnika universitetining tarkibiga kiritilgan. 1992 yildan boshlab Navoiy filialini texnika fanlari nomzodi, dotsent O.D.Ataullayev boshqargan. Huddi shu yili Zarafshon umumtexnika fakulteti qayta tashkil qilinib, Navoiy filiali tarkibiga qo‘shib berilgan. 1995 yil 6 martdan filial direktori etib texnika fanlari doktori, professor B.R.Raimjanov tayinlangan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 1995 yil 3 iyundagi qarori bilan Respublikadagi barcha oliy o‘quv yurtlari filiallari tugatilib, ToshDTU ning Navoiy filiali Navoiy texnika kollejiga aylantirilgan. Navoiy viloyatida ayniqsa, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, mineral xomashyo bazalariga ega bo‘lgan Qizilqum xududidan yer osti boyliklarini qazib olish va qayta ishlash uchun yirik gidrometallurgiya korxonalarining barpo etilishi tufayli konchilik ishlari, metallurgiya, mashinasozlik, energetika, kimyo sohasi bo’yicha mutaxassislarga ehtiyoj juda katta edi.
O‘zbekiston hukumati ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ishlarni yanada takomillashtirish, O‘zbekiston kon-metallurgiya sanoatini rivojlantirishga hissa qo‘shadigan, yetuk va yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash masalasiga asosiy e’tiborni qaratdi.
Navoiy viloyatida kon-metallurgiya sanoatini yanada rivojlantirish, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash uchun zarur bo‘lgan yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlaydigan konchilik instituta O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1995 yil 7 iyul kuni “Navoiy davlat konchilik institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tashkil topdi. Shu Farmon asosida 1995 yil 26 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining “Navoiy davlat konchilik instituta faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mustaqillik yillarida “Ustoz” (“Iste’dod”) jamg‘armasi orqali 17 nafar professor-o‘qituvchi xorijiy davlatlar AQSh, Kanada, Fransiya, Isroil, Janubiy Korea, Singapur, Avstriyada hamda 70 dan ortiq o‘qituvchilar Rossiyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlari, Toshkent davlat texnika universiteti, O‘zbekiston Milliy universitetida o‘z malakalarini oshirishdi.
Navoiy davlat konchilik instituta 2001 yilda Yevropa Ittifoqining TEMPUS-TASIS xalqaro fondi granti sovrindori bo‘ldi, “O‘zbekistonda masofadan o‘qitish” nomli loyihani bajarishda qatnashdi. Loyihada rejalashtirilgan ishlar Yevropa Ittifoqining yetakchi universitetlari ishtirokida amalga oshirildi.
2001-2015 yillar davomida Navoiy davlat konchilik institutining bir guruh professor-o‘qituvchilari Germaniya, Italiya, Fransiya, Finlandiya, Angliya, Niderlandiya, Daniya, Xitoy va Malayziya universitetlarida zamonaviy axborot texnologiyalari, kimyoviy texnologiya yo‘nalishlari bo‘yicha malaka oshirib qaytdilar. Loyiha davomida chet ellik mutaxassislar bilan birgalikda masofadan o‘qitish kurslarini tashkil qilish borasida hamkorlik qilindi. 2001-2003 yillar davomida xalqaro loyiha qatnashchilari tomonidan 12 ta masofadan o‘qitish kurslari yaratildi. Online tizimida ishlovchi mukammal E-saboq elektron platformasi yaratildi.
Navoiy davlat konchilik instituti professor-o‘qituvchilar jamoasi Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarni izchillik bilan amalga oshirib, ta’limning sifatiga alohida e’tibor qaratish, professor o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati va malakasini yanada oshirish, ta’lim jarayoniga yangi axborot va pedagogik texnologiyalarni kengroq joriy etish, o‘quv adabiyotlarining yangi avlodini yaratishni jadallashtirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini ayniqsa davlat granti va xo‘jalik shartnomasi asosida olib boriladigan ishlarni sifati va hajmini oshirish, ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada rivojlantirish, ilmiy ishlar natijalarini o‘quv jarayoni hamda ishlab chiqarishga keng joriy qilish, iqtidorli talabalarga e’tiborni kuchaytirish, xalqaro aloqalarni rivojlantirish kabi vazifalarni muvaffaqiyatli bajarib kelmoqda.
Loyiha dasturining bajarilishi davomida Kimyoviy texnologiya va Telematika yo‘nalishlari bo‘yicha real vaqt oralig‘ida Navoiy-Gamburg, Navoiy-Twente, Navoiy-Toshkent davlat texnika universiteta videoaloqalari o‘rnatildi. Videokonferensiya orqali chet ellik professorlarning ma’ruzalari tinglandi.
Loyiha doirasida Navoiy davlat konchilik institutiga zamonaviy masofadan o‘qitish qurilmalari va kompyuterlar keltirildi, loyiha mablag‘i hisobidan axborot texnologiyalari va masofaviy ta’lim markazi tashkil etilib, u zarur jihozlar va malakali kadrlar bilan ta’minlandi. Moddiy-texnika ta’minoti kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishda asosiy o‘rin tutadi. Bugungi kunda institutda 10 ta fan doktori, 51 ta fan nomzodi, dotsentlar, 79 ta katta o‘qituvchi va 89 ta assistent faoliyat yuritmoqda. Hozirgi kunda institutning kunduzgi bo‘limida o‘qiyotgan har 5 nafar talabaga 1 ta kompyuter to‘g‘ri keladi. Institut laboratoriyalari yangi, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan.
Ta’lim jarayoni bilan ilm-fan bog‘likligini rivojlantirish kadrlar tayyorlash tizimini amalga oshirishning asosiy yunalishlaridan biridir. Institutda keyingi yillarda ilmiy-tadqiqot ishlari yanada rivojlantirildi. Davlat granti buyicha har yili 20 ta mavzuda 500 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ moliyalashtirilgan.
Sanoatning kon-metallurgiya, kimyo, energetika, mashinasozlik texnologiyasi, avtomatlashtirilgan boshqaruv kabi sohalarida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Xo‘jalik shartnomalari asosida yiliga 30 mln. so‘mdan ortiq hajmda dolzarb mavzularga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqot ishlari bajarilmoqda.
Institut bugungi kunda xorijdagi yetakchi kon-metallurgiya sohasidagi o‘quv yurtlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Jumladan, Gamburg-Xarburg (Germaniya), Tvente (Gollandiya) universitetlari, Moskva davlat konchilik universiteti, Moskva metall va qotishmalar instituti, Moskva davlat geologiya-qidiruv universiteti, Ural davlat texnika universiteti, Tomsk politexnika universiteti va hokazo.
Navoiy davlat konchilik instituti shu kunga qadar 4 ta xalqaro loyihalarda ishtirok etib, ulardan 2 tasi hozirda samarali amalga oshirilib kelinmoqda.
TEMPUS-TERSID-xalqaro loyihasida resurs tejamkor texnologiyalar asosidagi magistrlik fanlari yangilanishi ko‘zda tutilgan. Loyihaning umumiy qiymati 1 184 372 yevroni tashkil etadi. Loyixada institutning “Kimyoviy texnologiya” va “Metallurgiya” va “O‘zbek va chet tillar” kafedralarining 4 nafar professor-o‘qituvchisi ishtirok etmoqdalar. Yevropadagi hamkor universitetlar bilan birgalikda 5A320401 - “Noorganik moddalar kimyoviy texnologiyasi (ishlab chiqarish turlari buyicha)”, 5A310301 - “Metallurgiya (metall turlari buyicha)” va 5A311603 - “Foydali qazilmalarni boyitish (qazilma turlari buyicha)” magistratura mutaxassisliklarining 4 ta predmet loyiha doirasida Navoiy viloyatida joylashgan ishlab chiqarish korxonalari talablari doirasida tahlil qilindi va loyiha ish rejasiga modernizatsiya qilish uchun kiritildi.
2016-2017 yillar davomida davlat byudjeti va Navoiy kon-metallurgiya kombinati mablag‘lari hisobidan umumiy qiymati 6 million AQsh dollarlik zamonaviy labaratoriya uskunalari keltirildi. Institutning 78 ta labaratoriya xonalarida mashg‘ulotlar so‘nggi texnologiyalar asosida olib borilmoqda.
Professor-o‘qituvchilar tomonidan 14 ta davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida ilmiy-tadqiqot ishlari bajarilmoqda. Institutning mutaxassislik kafedralari tomonidan fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish maqsadida kafedralarda 7 ta innovatsion guruhlar tashkil etilgan bo‘lib, bu guruhlarga institut professor-o‘qituvchilari, yetakchi olimlar, doktorantlar, magistrlar va iqtidorli talabalar jalb etildi.
Shuningdek, Navoiy viloyatiga ko‘plab sanoat korxonalari, xususan Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan yaqin aloqalar tufayli salohiyatli va yetuk mutaxassislar yetishib chiqmoqda. Talabalar Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli Navoiy mashinasozlik zavodi, 1, 2, 3, va 4-gidrometallurgiya zavodlari, kon boshqarmalari va boshqa ishlab chiqarish ob’ektlarida amaliy ko‘nikmalarini oshirib borishayapti. Shuningdek, “Navoiyazot”, “Navoiy issiqlik elektrstansiyasi”, “Qizilqumsement”, Navoiy elektr tarmoqlari kabi ishlab chiqarish korxonalaridagi muammolar bo‘yicha yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Institut tashkil topgan yildan boshlab bir qator xalqaro va respublika ilmiy-texnikaviy konferensiyalari o‘tkazib kelinmoqda.
1997 yildan boshlab “O‘zbekiston konchilik xabarnomasi” respublika ilmiy-ishlab chiqarish jurnali chop etilmoqda. Institutda 1996 yildan buyon konchilik mutaxassisliklari bo‘yicha ixtisoslashgan kengash faoliyat ko‘rsatib, mustaqillik yillarida bu kengashda 7 ta doktorlik hamda 20 dan ortiq nomzodlik dissertatsiyalari ximoya qilinib, ular bugungi kunda samarali faoliyat yuritmoqda.
Navoiy davlat konchilik institutda texnika fanlari doktori, professor B.R.Raimjonov (1995-2005), texnika fanlari nomzodi, dotsent Sh.K.Agzamov (2005-2008), texnika fanlari doktori U.F.Nosirov (2008-2011), F.I.Salomov (2011-2014) yillarda rektor lavozimida faoliyat yuritgan.
2014 yilning aprel oyidan hozirgi kunga qadar texnika fanlari doktori Q.Sanaqulov rektorlik lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
Navoiy davlat konchilik instituti jamoasi Q.Sanaqulov va institut prorektorlari B.Mardonov, N.Ashurova, N.Abduazizov, J.Nazarovlar rahbarligida ta’lim sifatini oshirish, professor-o‘qituvchilar tarkibining ilmiy va ma’naviy salohiyatini yuqori ko‘rsatkichlarga ko‘tarish hamda yetuk malakali kadrlar tayyorlash, kafedralarning tegishli ta’lim va ilmiy-tadkikot yo‘nalishlariga muvofiq, ularning o‘quv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari, moddiy-texnik bazasini takomillashtirib borish, xalqaro va xorijiy tashkilotlarning beg‘araz texnik ko‘magi grantlarini jalb qilish buyicha samarali faoliyat yuritmoqda.