NAVOIY DAVLAT KONCHILIK INSTITUTINING TASHKIL TOPISHI
Ko‘hna tarix guvohligiga qaraganda, O‘zbekiston hududi jaxon
sivilizatsiyasining ajralmas qismi bo‘lib, ilm-fan, madaniyat, san’at va ma’rifat maskani hisoblangan. Ayniqsa,
Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi Uchtutda qadimiy chaqmoqtosh koni va neolit
davriga oid tosh qurollari ustaxonasining topilishi bu yerlik aholining qadim
zamonlardan buyon konchilik ishlari bilan shug‘ullanganidan dalolat beradi.
Qadimshunos olimlarimiz tomonidan Qizilqum hududining katta qismida
tekshirish ishlari olib borilishi natijasida Navoiy viloyati va umuman,
Qizilqumning tabiiy go‘zalligi, qadimda hududimizda yashagan ajdodlarimizning
hayotidan guvohlik beruvchi toshlarga uyib chizilgan rasmlar, tirikchilik uchun
ishlatilib kelingan mehnat va ov qurollari, boy mineral xomashyo zahiralari
mavjud ekanligi hamda bu zamin jahon sivilizatsiyasi tarixiga hissa qo‘shgan
madaniyat uchoqlaridan biri ekanligi isbotlandi.
Qizilqum xududida olib borilgan geologik tadqiqotlar bu hududda Mendeleyev
davriy sistemasiga kiruvchi barcha elementlarning mavjudligi, tabiiy
boyliklarning noyobligi va o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turishini
ko‘rsatdi. Uchquduq va Zarafshon hududlaridagi oltin qazib oluvchi ulkan sanoat
korxonalari mamlakatimizning industrial texnikaviy va texnologik asosini
tashkil qiladigan sanoat inshootlari qatorida muhim o‘rin egallagan.
Navoiy viloyatida konchilik va metallurgiya sanoatini hamda barpo
etilayotgan sanoat korxonalarini yetuk va malakali mutaxassis kadrlar bilan
ta’minlash maqsadida 1963 yilda Navoiy shahrida Toshkent politexnika
institutining kechki o‘quv maslahat punkti ochildi. O‘quv maslahat punktida 5 nafar kishi faoliyat
boshlagan. Ular: maslahat punkti mudirasi matematika fani katta o‘qituvchisi
L.V.Yudina,o‘qituvchi L.S.Likova, Z.Qodirov, bir nafar metodist, bir nafar
kotibadan iborat bo‘lgan. Kechki o‘quv maslahat punktida to‘rtta: Fuqaro sanoat
qurilishi, Noorganik moddalar texnologiyasi, Elektr ta’minoti, Metall qirqish
va mashinasozlik texnologiyasi mutaxassisliklari mavjud bo‘lgan.
1966 yilda kechki o‘quv maslahat punkti Toshkent politexnika
institutining umumtexnika fakultetiga aylantirilgan. Dekan etib t.f.n., dotsent
S.M.Rixsiyev tayinlangan va Toshkent, Samarqand va Buxorodagi oliy ta’lim
dargohlaridan yosh olimlar, tajribali mutaxassislar ishga taklif qilinib,
fakultet yetuk mutaxassislar bilan ta’minlab borilgan. Shu davrda Navoiy
umumtexnika fakultetida birin-ketin
fan sohalari buyicha kafedralar ochila boshlagan. Jumladan, “Ijtimoiy fanlar”
kafedrasi tashkil etilib, kafedra mudiri lavozimiga tarix fanlari nomzodi
A.M.Novodvorskiy tayinlangan. Kafedrada rus tili, chet tillari, tarix, falsafa,
siyosiy iqtisod kabi fanlar o‘qitilgan.
1968-1969 o‘quv yilida
fakultetni dotsent R.A.Abidov boshqargan. Uning rahbarligida o‘quv-tarbiyaviy, ma’naviy-ma’rifiy ishlar ancha takomillashgan,
fakultetning ishlab chiqarish korxonalari bilan aloqalari yanada
mustahkamlangan, bir necha yangi kafedralar ochilgan. Jumladan, 1970 yil 1
yanvardan “Rus va chet tillari” kafedrasi ochilib, katta o‘qituvchi F.T.Saidov
kafedra mudiri etib tayinlangan, “Fizika-matematika”
kafedrasi tashkil etilib, kafedrani fizika-matematika
fanlari nomzodi, dotsent O.Mamanov boshqargan. Bu kafedra tarkibiga fizika,
matematika, umumiy elektrotexnika fanlari kiritilgan. Kafedrada professor-o‘qituvchilardan D.Boruxov, U.Omonov,
O.Mamanov, X.Ochilov, K.Krsimov, M.Yodgorov, M.Muxammadov, M.Bozorov,
N.Kamolovlar faoliyat ko‘rsatgan. Yana shu yili “Umumtexnika kafedrasi”
ochilib, unga texnika fanlari nomzodi, dotsent X.Doriyev kafedra mudiri etib
tayinlangan. Kafedra tarkibiga nazariy mexanika, materiallar qarshiligi,
metallar texnologiyasi, amaliy mexanika va mashina detallari fanlari
kiritilgan. Kafedrada dotsent M.V.Valiyev, katta o‘qituvchilar: X.M.Hamidov,
P.T.Temirov, o‘qituvchilar T.Yuldoshev, E.Qultoyev, X.Aliyev, Sh.Aliyeva va
S.Bobonazarovlar faoliyat yuritgan. 1971 yilda “Umumiy va
anorganik kimyo” kafedrasi tashkil etilib, unga kimyo fanlari nomzodi, dotsent
N.A.Xolmurodov kafedra mudiri etib tayinlangan. Bu kafedra tarkibiga umumiy
kimyo, analitik kimyo, fizikaviy kimyo, kolloid kimyo fanlari kiritilib,
Z.Xidirov, I.A.Zibikova, N.I.Lugovaya, A.Kolosov kabi o‘qituvchilar faoliyat
ko‘rsatganlar. Keyinchalik “Fizika-matematika”
kafedrasi ikkiga: “Umumiy fizika” va “Oliy matematika” kafedralariga bo‘lindi.
“Umumiy fizika” kafedrasini O.Mamanov, “Oliy matematika” kafedrasini X.Ochilov
boshqargan. “Chizma geometriya va chizmachilik” kafedrasi ochilib, kafedraga
A.U.Shomurodov mudir etib tayinlangan. U.Isayev, N.Mustafina, N.Loshkina, F.Shodiyev
kabi tajribali o‘qituvchilar chizmachilik va chizma geometriya fanlaridan dars
bera boshlaganlar.
1972 yilda Navoiy umumtexnika fakultetiga texnika fanlari nomzodi, dotsent
A.K.Ubaydullayev dekan etib tayinlangan. Iqtidorli, tashkilotchi olim kadrlar
salohiyatiga alohida e’tibor qaratish bilan birga fakultetning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, yangi
ko‘rgazmali qurollar, texnika vositalarini olish, laboratoriyalar ochish
masalalariga asosiy e’tiborni qaratgan. Shaharning yetakchi korxona va
tashkilotlari bilan aloqalar o‘rnatilgan. Fakultetda yangi kafedralar ochilgan,
jumladan, “Mashinasozlik texnologiyasi” kafedrasi ochilib, dotsent U.F.Bahronov
kafedra mudiri etib tayinlangan.
Navoiy viloyatida yirik sanoat korxonalari va sanoat shaharlari qurilishi
hisobga olinib, bu korxonalarni quruvchi mutaxassis kadrlar bilan ta’minlash
maqsadida “qurilish korxonalarining nazariy asoslari” kafedrasi tashkil
etilgan. Texnika fanlari nomzodi dotsent V.V.Demchenko kafedra mudiri etib
tayinlangan. Shuningdek, “Texnik mexanika” kafedrasi tashkil etilib, kafedrani
texnika fanlari nomzodi, dotsent O.D.Ataullayev boshqargan. Keyinchalik Navoiy
umumtexnika fakulteti Toshkent politexnika institutining Navoiy filialiga
aylantirilgan. Filial tarkibida 3 ta fakultet tashkil etilgan.
Umumtexnika fakultetini dotsent O.D.Ataullayev, kechki umumtexnika
fakultetini dotsent N.A.Xolmurodov, Kimyoviy texnologiya fakultetini dotsent
U.F.Burhanovlar boshqargan. 1987-1989
yillarda filialga kimyo fanlari doktori, professor A.B.Alovutdinov rahbarlik
qilgan. Bu davrda malakali kadrlarni tayyorlashga, filial moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga,
obodonlashtirish ishlariga katta e’tibor qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 1990 yil
fevral va may oylaridagi buyrug‘iga asosan, Toshkent politexnika institutining
Navoiy filiali Buxoro oziq- ovqat va yengil sanoat texnologiyasi instituta
tarkibiga kiritilgan.
1990-1992 yillarda filialni
texnika fanlari doktori, professor A.K.Ubaydullayev boshqargan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 1992 yil
29 may 229-sonli buyrug‘iga asosan
Navoiy filiali Toshkent davlat texnika universitetining tarkibiga kiritilgan.
1992 yildan boshlab Navoiy filialini texnika fanlari nomzodi, dotsent O.D.Ataullayev
boshqargan. Huddi shu yili Zarafshon umumtexnika fakulteti qayta tashkil
qilinib, Navoiy filiali tarkibiga qo‘shib berilgan. 1995 yil 6 martdan filial
direktori etib texnika fanlari doktori, professor B.R.Raimjanov tayinlangan. O‘zbekiston
Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 1995 yil 3 iyundagi qarori bilan
Respublikadagi barcha oliy o‘quv yurtlari filiallari tugatilib, ToshDTU ning
Navoiy filiali Navoiy texnika kollejiga aylantirilgan. Navoiy viloyatida
ayniqsa, Navoiy kon-metallurgiya
kombinatida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, mineral xomashyo bazalariga
ega bo‘lgan Qizilqum xududidan yer osti boyliklarini qazib olish va qayta
ishlash uchun yirik gidrometallurgiya korxonalarining barpo etilishi tufayli
konchilik ishlari, metallurgiya, mashinasozlik, energetika, kimyo sohasi
bo’yicha mutaxassislarga ehtiyoj juda katta edi.
O‘zbekiston hukumati ma’naviy-ma’rifiy
sohadagi ishlarni yanada takomillashtirish, O‘zbekiston kon-metallurgiya sanoatini rivojlantirishga hissa qo‘shadigan, yetuk
va yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash masalasiga asosiy e’tiborni
qaratdi.
Navoiy viloyatida kon-metallurgiya
sanoatini yanada rivojlantirish, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta
ishlash uchun zarur bo‘lgan yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlaydigan konchilik
instituta O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1995 yil 7 iyul kuni “Navoiy
davlat konchilik institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tashkil
topdi. Shu Farmon asosida 1995 yil 26 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar
Maxkamasining “Navoiy davlat konchilik instituta faoliyatini tashkil etish
to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mustaqillik yillarida “Ustoz” (“Iste’dod”) jamg‘armasi orqali 17 nafar
professor-o‘qituvchi xorijiy
davlatlar AQSh, Kanada, Fransiya, Isroil, Janubiy Korea, Singapur, Avstriyada
hamda 70 dan ortiq o‘qituvchilar Rossiyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlari,
Toshkent davlat texnika universiteti, O‘zbekiston Milliy universitetida o‘z
malakalarini oshirishdi.
Navoiy davlat konchilik instituta 2001 yilda Yevropa Ittifoqining TEMPUS-TASIS xalqaro fondi granti sovrindori
bo‘ldi, “O‘zbekistonda masofadan o‘qitish” nomli loyihani bajarishda qatnashdi.
Loyihada rejalashtirilgan ishlar Yevropa Ittifoqining yetakchi universitetlari
ishtirokida amalga oshirildi.
2001-2015 yillar davomida Navoiy
davlat konchilik institutining bir guruh professor-o‘qituvchilari Germaniya,
Italiya, Fransiya, Finlandiya, Angliya, Niderlandiya, Daniya, Xitoy va
Malayziya universitetlarida zamonaviy axborot texnologiyalari, kimyoviy
texnologiya yo‘nalishlari bo‘yicha malaka oshirib qaytdilar. Loyiha davomida
chet ellik mutaxassislar bilan birgalikda masofadan o‘qitish kurslarini tashkil
qilish borasida hamkorlik qilindi. 2001-2003
yillar davomida xalqaro loyiha qatnashchilari tomonidan 12 ta masofadan
o‘qitish kurslari yaratildi. Online tizimida ishlovchi mukammal E-saboq elektron platformasi yaratildi.
Navoiy davlat konchilik instituti professor-o‘qituvchilar jamoasi Kadrlar tayyorlash milliy dasturida
belgilangan vazifalarni izchillik bilan amalga oshirib, ta’limning sifatiga
alohida e’tibor qaratish, professor o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati va
malakasini yanada oshirish, ta’lim jarayoniga yangi axborot va pedagogik
texnologiyalarni kengroq joriy etish, o‘quv adabiyotlarining yangi
avlodini yaratishni jadallashtirish, ilmiy-tadqiqot
ishlarini ayniqsa davlat granti va xo‘jalik shartnomasi asosida olib
boriladigan ishlarni sifati va hajmini oshirish, ta’lim, fan va ishlab
chiqarish integratsiyasini yanada rivojlantirish, ilmiy ishlar natijalarini
o‘quv jarayoni hamda ishlab chiqarishga keng joriy qilish, iqtidorli
talabalarga e’tiborni kuchaytirish, xalqaro aloqalarni rivojlantirish kabi
vazifalarni muvaffaqiyatli bajarib kelmoqda.
Loyiha dasturining bajarilishi davomida Kimyoviy texnologiya va Telematika
yo‘nalishlari bo‘yicha real vaqt oralig‘ida Navoiy-Gamburg, Navoiy-Twente,
Navoiy-Toshkent davlat texnika
universiteta videoaloqalari o‘rnatildi. Videokonferensiya orqali chet ellik
professorlarning ma’ruzalari tinglandi.
Loyiha doirasida Navoiy davlat konchilik institutiga zamonaviy masofadan
o‘qitish qurilmalari va kompyuterlar keltirildi, loyiha mablag‘i hisobidan
axborot texnologiyalari va masofaviy ta’lim markazi tashkil etilib, u zarur
jihozlar va malakali kadrlar bilan ta’minlandi. Moddiy-texnika ta’minoti
kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishda asosiy o‘rin tutadi. Bugungi kunda
institutda 10 ta fan doktori, 51 ta fan nomzodi, dotsentlar, 79 ta katta
o‘qituvchi va 89 ta assistent faoliyat yuritmoqda. Hozirgi kunda institutning
kunduzgi bo‘limida o‘qiyotgan har 5 nafar talabaga 1 ta kompyuter to‘g‘ri
keladi. Institut laboratoriyalari yangi, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan.
Ta’lim jarayoni bilan ilm-fan
bog‘likligini rivojlantirish kadrlar tayyorlash tizimini amalga oshirishning
asosiy yunalishlaridan biridir. Institutda keyingi yillarda ilmiy-tadqiqot ishlari yanada
rivojlantirildi. Davlat granti buyicha har yili 20 ta mavzuda 500 mln. so‘mdan
ortiq mablag‘ moliyalashtirilgan.
Sanoatning kon-metallurgiya,
kimyo, energetika, mashinasozlik texnologiyasi, avtomatlashtirilgan boshqaruv
kabi sohalarida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Xo‘jalik shartnomalari
asosida yiliga 30 mln. so‘mdan ortiq hajmda dolzarb mavzularga bag‘ishlangan
ilmiy tadqiqot ishlari bajarilmoqda.
Institut bugungi kunda xorijdagi yetakchi kon-metallurgiya sohasidagi o‘quv yurtlari bilan o‘zaro hamkorlik
aloqalarini o‘rnatgan. Jumladan, Gamburg-Xarburg
(Germaniya), Tvente (Gollandiya) universitetlari, Moskva davlat konchilik
universiteti, Moskva metall va qotishmalar instituti, Moskva davlat geologiya-qidiruv universiteti, Ural davlat
texnika universiteti, Tomsk politexnika universiteti va hokazo.
Navoiy davlat konchilik instituti shu kunga qadar 4 ta xalqaro loyihalarda
ishtirok etib, ulardan 2 tasi hozirda samarali amalga oshirilib kelinmoqda.
TEMPUS-TERSID-xalqaro loyihasida resurs tejamkor
texnologiyalar asosidagi magistrlik fanlari yangilanishi ko‘zda tutilgan.
Loyihaning umumiy qiymati 1 184 372 yevroni tashkil etadi. Loyixada
institutning “Kimyoviy texnologiya” va “Metallurgiya” va “O‘zbek va chet
tillar” kafedralarining 4 nafar professor-o‘qituvchisi
ishtirok etmoqdalar. Yevropadagi hamkor universitetlar bilan birgalikda
5A320401 - “Noorganik moddalar
kimyoviy texnologiyasi (ishlab chiqarish turlari buyicha)”, 5A310301 - “Metallurgiya (metall turlari
buyicha)” va 5A311603 - “Foydali
qazilmalarni boyitish (qazilma turlari buyicha)” magistratura
mutaxassisliklarining 4 ta predmet loyiha doirasida Navoiy viloyatida
joylashgan ishlab chiqarish korxonalari talablari doirasida tahlil qilindi va
loyiha ish rejasiga modernizatsiya qilish uchun kiritildi.
2016-2017 yillar davomida davlat
byudjeti va Navoiy kon-metallurgiya
kombinati mablag‘lari hisobidan umumiy qiymati 6 million AQsh dollarlik
zamonaviy labaratoriya uskunalari keltirildi. Institutning 78 ta labaratoriya
xonalarida mashg‘ulotlar so‘nggi texnologiyalar asosida olib borilmoqda.
Professor-o‘qituvchilar
tomonidan 14 ta davlat ilmiy-texnik
dasturlari doirasida ilmiy-tadqiqot
ishlari bajarilmoqda. Institutning mutaxassislik kafedralari tomonidan fan,
ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish maqsadida
kafedralarda 7 ta innovatsion guruhlar tashkil etilgan bo‘lib, bu guruhlarga
institut professor-o‘qituvchilari, yetakchi olimlar, doktorantlar, magistrlar
va iqtidorli talabalar jalb etildi.
Shuningdek, Navoiy viloyatiga ko‘plab sanoat korxonalari, xususan Navoiy
kon-metallurgiya kombinati bilan
yaqin aloqalar tufayli salohiyatli va yetuk mutaxassislar yetishib chiqmoqda.
Talabalar Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli Navoiy mashinasozlik
zavodi, 1, 2, 3, va 4-gidrometallurgiya
zavodlari, kon boshqarmalari va boshqa ishlab chiqarish ob’ektlarida amaliy
ko‘nikmalarini oshirib borishayapti. Shuningdek, “Navoiyazot”, “Navoiy issiqlik
elektrstansiyasi”, “Qizilqumsement”, Navoiy elektr tarmoqlari kabi ishlab
chiqarish korxonalaridagi muammolar bo‘yicha yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Institut tashkil topgan yildan boshlab bir qator xalqaro va respublika ilmiy-texnikaviy konferensiyalari o‘tkazib kelinmoqda.
1997 yildan boshlab “O‘zbekiston konchilik xabarnomasi” respublika ilmiy-ishlab chiqarish jurnali chop
etilmoqda. Institutda 1996 yildan buyon konchilik mutaxassisliklari bo‘yicha
ixtisoslashgan kengash faoliyat ko‘rsatib, mustaqillik yillarida bu kengashda 7
ta doktorlik hamda 20 dan ortiq nomzodlik dissertatsiyalari ximoya qilinib,
ular bugungi kunda samarali faoliyat yuritmoqda.
Navoiy davlat konchilik institutda texnika fanlari doktori, professor
B.R.Raimjonov (1995-2005), texnika
fanlari nomzodi, dotsent Sh.K.Agzamov (2005-2008),
texnika fanlari doktori U.F.Nosirov (2008-2011),
F.I.Salomov (2011-2014) yillarda
rektor lavozimida faoliyat yuritgan.
2014 yilning aprel oyidan hozirgi kunga qadar texnika fanlari doktori
Q.Sanaqulov rektorlik lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
Navoiy davlat konchilik instituti jamoasi
Q.Sanaqulov va institut prorektorlari B.Mardonov, N.Ashurova, N.Abduazizov,
J.Nazarovlar rahbarligida ta’lim sifatini oshirish, professor-o‘qituvchilar tarkibining ilmiy va
ma’naviy salohiyatini yuqori ko‘rsatkichlarga ko‘tarish hamda yetuk malakali
kadrlar tayyorlash, kafedralarning tegishli ta’lim va ilmiy-tadkikot yo‘nalishlariga muvofiq, ularning o‘quv va ilmiy-tadqiqot
laboratoriyalari, moddiy-texnik
bazasini takomillashtirib borish, xalqaro va xorijiy tashkilotlarning beg‘araz
texnik ko‘magi grantlarini jalb qilish buyicha samarali faoliyat yuritmoqda.