Yoshlik — ayni shijoatga toʻla davrda puxta ilm
egallash fursati. Bunda asosiy masala yosh avlodga zarur imkoniyat va
shart-sharoitlarni yaratib berish, ularning intilishini ragʻbatlantirib
borishdir. Sir emas ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotganlarga, ayniqsa yosh
olimlarga qaratilayotgan chuqur eʼtibor mamlakatimizdagi yoshlarga oid davlat
siyosatining ajralmas qismi sanaladi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
2021-yil 9-sentabr sanasida eʼlon qilingan “Respublika oliy taʼlim
muassasalarida tahsil olayotgan, ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan
shugʻullanayotgan iqtidorli yoshlarni yanada qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi
Farmoni asosida oliy taʼlim muassasalarida tizimli ishlar olib borilayapti.
Bugungi kunda 8 ming nafarga yaqin talaba va 100
nafardan ortiq magistrlar tahsil olayotgan Navoiy davlat konchilik va
texnologiyalar universitetining bu boradagi faoliyatiga toʻxtaladigan boʻlsak, muassasada
iqtidorli talabalar bilan olib borilayotgan ishlarning asosiy maqsadi
yoshlarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirishdan iboratdir. Universitet
talabalarining boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida universitetda
ilmiy-tadqiqot toʻgaraklari, fan toʻgaraklari, sport toʻgaraklari,
maʼnaviy-maʼrifiy toʻgaraklar faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
Sport toʻgaraklari yoshlarni sportga keng jalb
qilish va jismoniy tarbiyani ommalashtirish maqsadida universitet sport
majmuasida tashkil etilgan boʻlib, talabalarda jismoniy tarbiya va ommaviy
sport bilan muntazam shugʻullanish hamda sogʻlom turmush tarzi boʻyicha hayotiy
koʻnikmalarni shakllantirish asosiy maqsad qilingan. Fan toʻgaraklarida esa
talabalarning boʻsh vaqtlarini maqsadga muvofiq holda mazmunli tashkil etish va
tahsil olish jarayonida ularning olgan bilim va koʻnikmalarini yanada
mustahkamlash maqsadida kafedralarda tashkil etilgan. Ushbu toʻgarakning
maqsadi talabalarning maʼruza, seminar va amaliy mashgʻulotlarida olgan
bilimlarini yanada mustahkamlash, fan yoʻnalishi boʻyicha soʻngi yillarda
erishilgan yutuqlar, yangiliklar,
qoʻllanilayotgan ilgʻor texnika va texnologiyalar bilan tanishtirishdan,
shuningdek, fan olimpiadalariga tayyorlab borishdan iborat.
Yana bir eʼtibor til toʻgaraklariga qaratilgan va
talabalarga ingliz, nemis, fransuz va rus tillarini mukammal oʻrgatish uchun
“Oʻzbek va chet tillari” kafedrasida bir qator toʻgaraklar faoliyat olib
bormoqda. Fan, sport va maʼnaviy-maʼrifiy toʻgaraklar nafaqat universitetda,
shuningdek, talabalar turar joyida ham faoliyat yuritmoqda.
Yoshlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga qiziqtirish va
jalb etish maqsadida universitetda joriy oʻquv yilida 12 ta ilmiy-tadqiqot
toʻgaragi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu toʻgaraklarga 296 nafar iqtidorli talaba va magistr jalb etilgan boʻlib, unda 35 dan
ortiq ilmiy tadqiqot guruhlari va professor-oʻqituvchilar faoliyat yuritmoqda.
Toʻgaraklarda tashkil qilingan ishchi guruh aʼzolari tomonidan muammoli
mavzularga yechim topish boʻyicha ham tegishli ishlar olib borilmoqda. Joriy
yilda ilmiy-tadqiqot toʻgaraklari aʼzolari tomonidan xalqaro va mahalliy ilmiy
jurnallarda chiqargan korxonalarning muammolari yechimiga qaratilgan 100 dan
ortiq ilmiy maqola va tezislar chop ettirildi.
Iqtidorli yoshlarimizdan biri universitet ikkinchi
kurs magistranti Nodira Saidova sanaladi. Yaqinda u Yaponiyaning Akita shahrida
boʻlib, Akita universitet va mazkur davlatning bir qator zavodlari faoliyati
bilan tanishib qaytdi. Yosh iqtidorli magistr “BIOX jarayonida hosil boʻladigan
temir tutgan minerallarni tadqiq qilish” mavzusida ilmiy izlanish olib
bormoqda. Konchilik fakulteti talabalari Saodat Saydullayeva va Fazliddin
Iydiboyev ham iqtidorli yoshlarimizdan. Mazkur yoshlar joriy yilda Oʻzbekiston
Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Oʻzbekiston
Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkazilgan “Mirzo
Ulugʻbek vorislari” tanlovi respublika bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritib,
“Ulugʻbek” jamgʻarmasi tomonidan maxsus yoʻllanma hamda sertifikat bilan
taqdirlanishgan. Konchilik fakulteti talabasi Marjona Eshqobilova esa “Odam
savdosi - davr muammosi” mavzusida oʻtkazilgan “Eng yaxshi maqola”
tanlovida faxrli 1-oʻrinni qoʻlga
kiritdi. “Eng yaxshi kitobxon talaba” tanlovining hududiy bosqichida yana bir
e’tirofli oʻringa ega bo‘lgan Kimyo-metallurgiya fakulteti talabasi Olimjon
Xudoyberdiyev ham iqtidorli faol yoshlarimizdan sanaladi. Bunday
talabalar nomini yana ko‘plab keltirib o‘tish mumkin.
Iqtidorli talabalarning kasbiy yoʻnalishi va
sohalariga asoslangan holda universitetda mavjud boʻlgan toʻgaraklarga jalb
etilgan iqtidorli talabalar orasidan kafedralar tomonidan saralangan iqtidorli
talabalar ilmiy loyihalarga ham jalb etilib kelinmoqda. Davlat grantlari, xoʻjalik shartnomalari va
xalqaro loyihalarga jalb qilingan iqtidorli talabalarning umumiy soni bugungi
kunda 140 nafarni tashkil etadi. Xususan, “Konsentratlar va boyitish
qoldiqlarini koʻp bosqichda qayta ishlash orqali metallarni boyitishning yangi
kombinatsiyalashgan innovatsion usuli bilan texnogen chiqindilardan qimmatbaho
(platina, palladiy, kumush, oltin) va nodir (litiy, germaniy) metallarni olish
texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi davlat ilmiy-tadqiqot doirasidagi
loyihaga 10 nafar talaba jalb qilingan.
Universitetda talabalarni ilmiy faoliyatga
yoʻnaltirish maqsadida “Student Advisory Council” (“Talabalar maslahat kengashi”)
tashkil etilgan boʻlib, ushbu kengash iqtidorli talabalarning ilmiy faoliyatida
kuzatiladigan muammolarni yechishda va seminar-uchrashuvlar tashkil etishda
oʻzining amaliy yordamini koʻrsatib kelmoqda. Joriy yilning 30-sentabr kuni ilmiy faoliyatga qiziqishi
bor talabalar bilan universitetning yetuk soha vakillari, professorlar S.Bozorova va F.Umirovlar bilan ilmiy
seminar tashkil etildi. 8-oktabr kuni esa “Texnik ijodni faollashtirish”
mavzusida seminar tashkil etildi. Bu boradagi tadbirlar davom ettirilib,
27-oktabr sanasida xorijiy OTM professor-oʻqituvchilari bilan iqtidorli
talabalar uchrashuvi ham oʻtkazildi. NDKTUda 8-noyabr kuni tashkil etilgan “Fan
va texnika taraqqiyotida yoshlar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani
ham samarali oʻtdi. Bunday anjuman,
seminar va uchrashuvlar talaba yoshlarni ilmiy faoliyatga yanada koʻproq jalb
etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev chiqishlarining
birida “Dunyoqarashni nima oʻzgartiradi — ilm, daromad, manfaat”, degan edi.
Aytish mumkinki, bugungi kunda yurtimizda ilm ahli uchun katta imkoniyatlar
yaratilgan. Yoshlar dunyoqarashida puxta bilim olish farovon hayotning birdan
bir yechimi ekanligini shakllantira olsak, albatta koʻzlangan barcha
maqsadlarimiz toʻla amalga oshadi.
Gulrux
RAHIMOVA,
NDKTU Iqtidorli
talbalarning ilmiy
tadqiqot faoliyatini tashkil etish