Har bir odam — eʼtiborga muhtoj. Inson maʼlum bir mehnat jamoasida
ishlar ekan baʼzan ish masʼuliyati bilan qorishgan turmush mashaqqatlari
kishini tashvishlarga duchor qiladi. Mana shunday fursatda belni mahkam
bogʻlab, atrofingdagi kishilar ham senga moddiy-maʼnaviy suyanchiq boʻla olsa
oʻzingni dadil his etasan!
600 nafardan ortiq mehnat jamoasiga ega hamda 8 ming nafardan ortiq
talaba tahsil olayotgan Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti
va bu yerdagi ishchi-xodimlar manfaatini koʻzlab ish olib borayotgan 5-Sonli
birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi faoliyati yuzasidan ham ana shunday
ijobiy fikr bildirish mumkin.
Taʼkidlash kerakki, qoʻmita faoliyati avvalo Navoiy kon-metallurgiya
kombinati Kasaba uyushmasi kengashi rahbariyatining doimiy diqqat eʼtiborida
boʻlib, har bir yaratib berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlarda bu jihat muhim
oʻrin tutadi. Jumladan, oliygoh xodimlariga NKMK qarashli 27-sonli TSQda
statsionar davolanishga ruxsat berilishi bunga bir misol boʻladi. Bugungi kunda
qoʻmita faoliyati universitet rahbariyati bilan kelishilgan va tasdiqlangan har
yillik ish reja asosida olib borilmoqda. Ushbu rejada belgilangan tadbirlar
jamoa bilan birgalikda oʻtkazilishi taʼminlanayapti. Qolaversa, kombinat
tomonidan sihatgohlarga berilayotgan barcha yoʻllanmalar oʻz vaqtida xodimlar
buyurtmasiga asosan taqdim etilib kelinmoqda. Shu bilan birgalikda xodimlar
farzandlarining har biriga yangi yil sovgʻalari uchun hamda dam olish
oromgohlariga yoʻllanmalar berilishi ham tashkil etilib kelinmoqda.
Uyushma qoʻmitasi aʼzolari va ular oila aʼzolarining dam olish va
davolanish maskanlariga yuborilish statistikasini koʻrib chiqadigan boʻlsak,
2021-yilda bu raqam jami 129 nafar kishini tashkil etgan boʻlsa, joriy yilning
oʻtgan davrida 130 nafar kishining salomatligi tiklandi. Yil yakunigacha jami
160 nafar xodimlar davolanishi va dam olishiga erishish belgilangan.
Ishchi-xodimlar farzandlarini oromgohlarga joʻnatish boʻyicha esa oʻtgan yili
92 nafar bolajonlar salomatligini mustahkamlagan boʻlsa, joriy yilda bu raqam
110 nafarni tashkil etayapti.
Yana bir muhim yoʻnalish — ichki turizmni rivojlantirish maqdadida
Nurota tumani hamda Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlari alohida
tanlab olingan boʻlib, yil davomida deyarli barcha xodimlarni ushbu
sayohatlarga jalb etish yuzasidan tegishli vazifalar olib borilmoqda.
— Oʻtgan hafta universitetda
“Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida hashar uyushtirildi, — deydi biz
bilan suhbatda qoʻmita raisi Sharofjon Babayev. — “Dolzarb 40 kunlik” davomida
jami hududi 19 gektarni tashkil etgan universitet boʻylab 12 ming tup daraxt
oʻtqazildi. Hashar tadbirlari bevosita qoʻmita tomonidan tashkil etildi.
Shuningdek, biz eʼtibor qaratayotgan yana bir yoʻnalish kam taʼminlangan,
moddiy ehtiyojmand xodimlarni qoʻllab-quvvatlash, yubiley yoshlarini
nishonlayotgan aʼzolarni pul mukofotlari bilan taqdirlash sanaladi. Joriy yilda
shuningdek, qoʻmita tomonidan
universitetda tuzilgan 10 ta sport jamoasiga sport formalari, tennis, futbol,
voleybol, basketbol, regbi sport anjomlari xarid qilindi. Yil yakuniga qadar bu
boradagi qoʻllab-quvvatlash ishlari davom ettiriladi. Shu bilan birga,
talabalar turar joyida bayram dasturxonlari
tashkil etish, kasb bayramlarini nishonlash kabi tadbirlarda ham qoʻmita
doimo faol boʻlib kelayapti.
Darhaqiqat, Davlatimiz Rahbari Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 11-noyabr
sanasida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari xodimlari va faollariga yoʻllagan
tabrigida “Jonajon Vatanimiz oʻz taraqqiyotining hal qiluvchi bosqichiga
kirayotgan, inson qadri, huquq va manfaatlarini taʼminlash barcha sohalarda biz
uchun bosh maqsadga aylanayotgan hozirgi paytda hayotning oʻzi butun xalqimiz
kabi kasaba uyushmalari oldiga ham ulkan vazifalarni qoʻymoqda” deya taʼkidlab
oʻtgan edi.
Albatta, ayni shu me’zon asosida belni mahkam bogʻlab jadal tashabbus
va loyihalar ustida ish olib borayotgan kasaba uyushmalari oʻz zimmasidagi
sharafli vazifani joylarda samarali oqlamoqda, deyish mumkin.
Ozod MUSTAFOYEV,
NDKTU matbuot kotibi