Yangiliklar

MAQOLA


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA AHOLINI RO‘YXATGA OLISHGA TAYYORGARLIK. QAROR VA IJRO.

H.Baqoyev. Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti “Iqtisodiyot va menejment” kafedrasi mudiri.

A.Husanov. Xatirchi tuman statistika bo‘limi boshlig‘i.

 

Mamlakat fuqarolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar har qanday davlat milliy statistikasining muhim qismi sanaladi. Bunday ma’lumotlar ma’lum vaqt oralig‘ida aholini ro‘yxatga olish tadbirlari orqali to‘planadi. Ular nafaqat respublika, balki yer yuzi aholisining soni, ijtimoiy holati, daromadlari kabi bir qancha muhim axborotlarni hisoblab borishga xizmat qiladi.

Shu bois, respublikamizda mustaqillik yillarida aholini ro‘yxatga olish tadbiri ilk bor o‘tkazilayotganligini inobatga olib, tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni sifatli o‘tkazish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-son qarori qabul qilindi.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish
2023 yil 1-25 noyabr kunlari amalga oshirilishi belgilandi.

Aholini ro‘yxatga olish jarayonlarini xalqaro talablarga mos
va sifatli o‘tkazish uchun kartografik materiallarning aniqligi
muhim hisoblanadi. Shu maqsadda, Davlat kadastr palatasi Navoiy viloyat boshqarmasi va viloyat hokimliklari bilan birgalikda aholini ro‘yxatga olish uchun zarur bo‘lgan miqdorda shahar va qishloq aholi punktlarining sxematik rejalari va xaritalari tayyorlandi.

Shuningdek, Davlat kadastr palatasi Navoiy viloyat boshqarmasi va viloyat hokimliklari shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklariga kadastr
va mahalla organlari bilan birgalikda aholi punktlari va ko‘chalar nom belgilarini o‘rnatish, xonadon va uylarni raqamlash ishlari amalga oshirildi.

Aholini ro‘yxatga olish  mamlakat hududida millati, elatidan qat’iy nazar barcha insonlarni birlashtiradigan umummilliy tadbir bo‘lib, uning o‘tkazilishidan barchamiz, siyosiy qarashlarimiz va ijtimoiy mavqe’imizdan qat’iy nazar birdek manfaatdormiz. Boisi, mazkur yirik ijtimoiy tadbir orqali, birinchi navbatda, jami aholining  soni, fuqaroligi, nikoh holati, ta’lim darajasi, yashash uchun daromad manbalari, uysizlar soni, uy xo‘jalinining yashash sharoitlari kabi bir qancha ko‘rsatkichlar bo‘yicha bugungi kunda etarlicha mavjud bo‘lmagan ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. SHaharcha, mahalla, qishloq va ovullar soni hamda ularning chegaralari, turar joylar soni, ulardagi mavjud shart-sharoitlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritiladi.

Ushbu tadbirlarning ahamiyatli jihati shundaki, ular orqali nafaqat o‘zimiz, balki kelajak avlod uchun muhim ma’lumotlarni to‘plashga erishamiz. Aholini ro‘yxatga olish natijalari mamlakatimizning keyingi demografik va ijtimoiy siyosatini belgilash bilan birga, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlari hamda dasturlarini tuzishda keng qo‘llaniladi. Keyingi o‘n yillikka mo‘ljallangan oilalarni qo‘llab-qo‘vvatlashga qaratilgan ijtimoiy dasturlarni shakllantirish, shifoxonalar, bolalar bog‘chalari, maktablar va uy-joy qurilishini rejalashtirishda foydalaniladi.

Bir so‘z bilan aytganda, aholi to‘g‘risida to‘planadigan ma’lumotlar barcha sohalarni rivojlantirib, mamlakatni yanada taraqqiy ettirishga, jahon maydonida Yangi O‘zbekistonning yangicha qiyofasini aks ettiruvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.