Rektor tabrigi

Muhtaram professor-o‘qituvchilar, aziz ishchi-xodimlari va hurmatli talabalar!


O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 26 yilligini nishonlash arafasidamiz. Barchangizni millatimizning, xalqimizning buyuk bayrami bilan tabriklayman. Tarix zarvaraqlarini varaqlar ekanmiz, bu yurt, bu el, bu xalq ozodlik uchun, mustaqillik uchun, o‘z haq-huquqini qo‘lga kiritish uchun asrlar davomida zahmat chekkanining guvohi bo‘lamiz. Zero, mustaqillik bu huquq demakdir. Istiqlol sharofati sabab yurtimiz jadal sur’atlar bilan rivojlanib, kuch-qudrati va salohiyati barqaror yuksalib borayotgan mamlakatga aylandi. Bularning barchasi avvalo mard va matonatli xalqimizning qahramonona mehnati evaziga amalga oshirilmoqda va mamlakatimiz o‘zining barqaror rivojlanish sur’atlari bilan xalqaro jamoatchilikni hayratda qoldirmoqda.

Navoiyda yirik sanoat korxonalarini modernizatsiyalash, iqtisodiy samaradorligini oshirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Bunday yuksalishlarni shahrimiz, viloyatimiz va institutimiz misolida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Mamlakatimizning eng yirik sanoat shaharlaridan hisoblangan Navoiyda O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan Navoiy davlat konchilik institutining yangi binosi ishga tushirilishi va eng zamonaviy asbob-uskunalarning chet davlatlardan olib kelinishi oliy o‘quv yurtida darslarning yanada samarador bo‘lishiga zamin hozirladi. Talaba yoshlarning ilm-fan cho‘qqilarini zabt etishlarida, mamlakatimiz tog‘-kon sanoatining rivojlanishida, yangidan-yangi ilmiy kashfiyotlarning yuz ko‘rsatishida, bu yerda ta’lim va tarbiya olayotgan har bir yoshning komil inson bo‘lib shakllanishida institut professor-o‘qituvchilari hamda ishchi xodimlarning alohida o‘rni bor.

Qadrli va muhtaram vatandoshlarim!

Sizlarni, Mustaqillik kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga tinchlik-omonlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga, el-yurtimizga fayzu baraka tilayman.

Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon bo‘lsin!

Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!