Yangiliklar

Yoshlar bo‘yicha yangi kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi


O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning yoshlarni ma‘naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash ishlarining sifatini hamda pedagog kadrlarning ijtimoiy mavqeini yanada oshirishga qaratilgan tarixiy qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.M.Mirziyoyev joriy yilning 13 avgust kuni “Yoshlarni ma‘naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta‘lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan 
yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Qabul qilingan qarorning asosiy maqsadi mamlakatda barkamol avlodni shakllantirish, yoshlarni ma‘naviy-axloqiy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, ularni mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish hamda o‘qituvchilik kasbining jamiyatdagi nufuzini yanada oshirishga qaratilgan.
Qarorda maktabgacha ta‘limning zamonaviy tizimi, 11 yillik umumiy o‘rta ta‘lim joriy qilinganligi, zamonaviy oliy ta‘lim muassasalari hamda nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari tashkil etilganligi, yoshlarning bandligini ta‘minlash va ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish bo‘yicha ishlarni mutlaqo yangi tizim asosida tashkil etish maqsadida “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi qabul qilinganligiga qaramasdan, bu borada ayrim muammolar saqlanib qolayotganligini qayd etilgan.
Yosh avlodni tarbiyalash borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish, ta‘lim-tarbiya sifatini mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, o‘qituvchilik kasbining nufuzini oshirish maqsadida, shuningdek, 
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq Yoshlarni ma‘naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga 
ta‘lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Mazkur dasturda quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e‘tibor qaratildi:
yuksak ma‘naviyatli, qat‘iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarashga ega bo‘lgan fidoyi va vatanparvar yoshlarni tarbiyalash;
yoshlarni yot g‘oyalar ta‘siridan himoya qilish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalash;
pedagog xodimlarning qadr-qimmati va nufuzini oshirish, ularning moddiy-ma‘naviy va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish;
yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish;
yoshlar jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish;
o‘quvchi yoshlarni ijtimoiy muhofaza qilish, ijtimoiy ehtiyojmand oilalar farzandlarini moddiy va ma‘naviy qo‘llab-quvvatlash.